19 Noy, 2024

Osiyo taraqqiyot banki O‘zbekistonga 250 million dollar miqdorida qarz ajratishni ma’qulladi

MANILA, FILIPPIN (2024-yil 19-noyabr) — Osiyo taraqqiyot banki (OTB) O‘zbekiston hukumatining iqlimga moslashish maqsadida institutsional tizimini mustahkamlash, iqlim o‘zgarishi bo‘yicha ustuvor yo‘nalishlar o‘rtasidagi bog‘liqlik va aloqadorlikni mustahkamlash va iqlim o‘zgarishi oqibatlarini yumshatish choralarini tezlashtirish bo‘yicha sa’y-harakatlarini qo‘llab-quvvatlash uchun 250 million AQSH dollari miqdorida siyosat choralariga asoslangan qarzni ma’qulladi.

Iqlimga o‘tish jarayonini tezlashtirish dasturi O‘zbekiston hukumatini uch islohot yo‘nalishida qo‘llab-quvvatlaydi: muassasalarni va davlat moliya boshqaruvini mustahkamlash; suv va yer resurslari boshqarishda, qishloq xo‘jaligi va ijtimoiy himoya tizimlarida iqlimga chidamlilikni oshirish; transport va energetika kabi tarmoqlarda kam uglerodli iqtisodiyotga o‘tishni tezlashtirish.

OTBning iqlim o‘zgarishiga qarshi kurash bo‘yicha Markaziy Osiyodagi birinchi dasturiy chorasi sifatida mazkur dastur yangilangan Milliy darajada belgilanadigan hissaga (NDC), Yashil iqtisodiyotga o‘tishning 2030-yilgacha bo‘lgan strategik asosi va OTBning 2024–2028 yillarga mo‘ljallangan O‘zbekiston uchun Mamlakat bilan hamkorlik strategiyasiga mos keladi.

“Dastur, ayni paytda aholining yordamga muhtoj qatlamlarini qo‘llab-quvvatlagan holda, iqtisodiyotni karbonsizlantirish va tabiiy ofatlar va iqlim o‘zgarishiga chidamlilikni oshirishga ustuvor ahamiyat beradi”, dedi OTBning Markaziy va G‘arbiy Osiyo bo‘yicha Bosh direktori Yevgeniy Jukov. “O‘zbekiston iqtisodiyoti energiyani eng ko‘p iste’mol qiladigan davlatlar sirasiga kiradi, shu bois dastur hukumatning 2030-yilgacha yalpi ichki mahsulot birligiga to‘g‘ri keladigan issiqxona gazlari emissiyasini 35 foizga kamaytirish bo‘yicha sa’y-harakatlarini qo‘llab-quvvatlaydi. Bunda, kamaytirishga qayta tiklanadigan energiya manbalarini rivojlantirish va energiya samaradorligini oshirish orqali erishiladi”.

«O‘zbekistonning suv resurslari iqlim o‘zgarishi va samarasiz foydalanish tufayli jiddiy xavf ostida», – dedi OTBning O‘zbekistondagi doimiy vakolatxonasi rahbari Kanokpan Lao-Araya. «Ushbu dastur suv xavfsizligini ta’minlash va mo‘rt ekotizimlarga tahdid solayotgan cho‘llanishning tezlashiishiga qarshi kurashish uchun iqlim o‘zgarishini inobatga olgan holda sug‘orish tizimlarini modernizatsiya qilish va suv resurslarini aqlli boshqarishga investitsiyalarni rag‘batlantiradigan qonunchilikning qabul qilinishini qo‘llab-quvvatlaydi.»

“Dastur siyosatni muvofiqlashtirishni takomillashtirish, budjet resurslarini maqsadli taqsimlash hamda iqlim bilan bog‘liq xarajatlar va ko‘rsatkichlar uchun monitoring va hisobdorlikni kuchaytirish orqali iqlim o‘zgarishi bilan bog‘liq murakkab muammolarni hal qilishda hukumat salohiyatini oshirish uchun ishlab chiqilgan”, dedi OTBning Davlat sektori bo‘yicha bosh mutaxassisi Xanif Raxemtulla.

O‘zbekiston OTBga 1995 yilda a’zo bo‘lgan va o‘shandan beri bank mamlakatga farovon, inklyuziv, chidamli va barqaror kelajakka erishish uchun 12,5 milliard AQSH dollari miqdorida qarz, grant va texnik ko‘mak taqdim etgan.

OTB o‘ta qashshoqlikka barham berish bo‘yicha sa’y-harakatlarini davom ettirib, rivojlangan, keng qamrovli va barqaror Osiyo va Tinch okeani mintaqasiga erishishga intiladi. OTB 1966 yilda tashkil etilgan bo‘lib, unga 69 mamlakat a’zo bo‘lgan. Ularning 49 tasi mintaqada joylashgan.

 

Manba: Osiyo taraqqiyot banki (OTB) 

Bizga yozing

Iltimos, ariza shaklini to’ldiring va biz tez orada siz bilan bog’lanamiz.