Iqtisodiyot va moliya vazirligi, «Asakabank» va YTTB o‘rtasida «Asakabank» AJni xususiylashtirishning asosiy tijorat shartlarini belgilovchi Term Sheet imzolandi
O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2020-yil 12-maydagi PF-5992-son Farmoni ijrosi doirasida, O‘zbekiston Respublikasi Hukumati nomidan O‘zbekiston Respublikasi Iqtisodiyot va moliya vazirligi, Yevropa tiklanish va taraqqiyot banki (YTTB) va «Asakabank» o‘rtasida hamkorlikni institutsional jihatdan mustahkamlash maqsadida «Asakabank» AJni xususiylashtirishning asosiy tijorat shartlarini belgilovchi Term Sheet (Asosiy shartlar to‘g‘risidagi bitim) imzolandi.
Imzolangan Term Sheet hujjatiga muvofiq, YTTB tomonidan «Asakabank»ning 15 foizlik ulushini sotib olish ko‘zda tutilgan. Kelishilgan shartlar, shu jumladan tranzaksiya, regulyator va korporativ-huquqiy talablar belgilangan tartibda to‘liq bajarilgan taqdirda, YTTBning 2026-yilda «Asakabank» aksiyadorlari tarkibiga kirishi kutilmoqda.
Ushbu bosqich davlat ishtirokidagi banklarni transformatsiya qilish, davlat aktivlarini boshqarish samaradorligini oshirish, moliyaviy xatarlarni kamaytirish va bank tizimi barqarorligini mustahkamlashga qaratilgan O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2020-yil 12-maydagi PF-5992-son Farmonini amalga oshirishning ajralmas qismi hisoblanadi.
«Asakabank»ni xususiylashtirish doirasida YTTB bilan hamkorlik quyidagi asosiy yo‘nalishlarni qamrab oladi:
-
korporativ boshqaruv sifatini oshirish va Bank faoliyati shaffofligini kuchaytirish;
-
xatarlarni boshqarish va ichki audit tizimlariga xalqaro standartlarni joriy etish;
-
Bankning kapital bazasini va operatsion barqarorligini mustahkamlash;
-
tijorat maqsadlariga mos keladigan barqaror va bozor tamoyillariga asoslangan rivojlanish modelini yaratish;
-
xususiylashtirishning keyingi bosqichlari oldidan Bankning investitsiyaviy jozibadorligini oshirish.
Ushbu loyihaning amalga oshirilishi davlat aktivlaridan foydalanish samaradorligini oshirishga, xalqaro investorlarning O‘zbekiston moliya bozoriga bo‘lgan ishonchini mustahkamlashga hamda mamlakatda raqobatbardosh va barqaror bank sektorini yanada rivojlantirishga xizmat qiladi.
Manba: O‘zbekiston Respublikasi Iqtisodiyot va moliya vazirligi