Yevroosiyo taraqqiyot banki (YoTB) 2026–2028-yillarga mo‘ljallangan makroiqtisodiy prognozini taqdim etdi. Tahlilchilar jahon iqtisodiyotining mo‘tadil o‘sishi va yuqori foiz stavkalarining saqlanib qolishiga qaramay, investitsion faollik va ichki talab mintaqa mamlakatlarining aksariyati uchun o‘sishning asosiy drayverlari bo‘lib qolishini kutmoqdalar.
Qisqacha asosiy xulosalar:
-
Mintaqa YIM o‘sishi 2026-yilda 2,3 foizni tashkil etadi, bunda Qirg‘iziston (9,3%), Tojikiston (8,1%), O‘zbekiston (6,8%) va Qozog‘iston (5,5%) yetakchilar bo‘lib qoladi.
-
Mutanosib pul-kredit siyosati tufayli inflyatsiya sekinlashishda davom etadi — 2026-yilda 6,3 foizgacha.
-
Investitsiyalar mintaqada, ayniqsa, qayta ishlash va tog‘-kon sanoati, energetika va qurilish sohalarida o‘sishning asosiy drayveri bo‘lib qolmoqda.
-
Xomashyo bozorlari turli yo‘nalishlarda harakatlanadi: neft biroz arzonlashadi, metallar va oltin esa yuqori narxlarni saqlab qoladi.
-
Dollar markaziy banklar zaxiralaridagi ulushini asta-sekin yo‘qotmoqda, ammo uning hisob-kitoblardagi roli barqaror bo‘lib qolmoqda.
Hisobot haqida batafsil:
YoTB makroprognozida bankka a’zo davlatlarning 2025-yildagi iqtisodiy rivojlanishining dastlabki yakunlari umumlashtirilgan va mintaqa mamlakatlarining 2026-yil, shuningdek, 2027–2028-yillar uchun asosiy makroiqtisodiy ko‘rsatkichlari prognozi taqdim etilgan.
Yevroosiyo taraqqiyot banki tahlilchilari yetti a’zo davlatning umumlashtirilgan YIM o‘sish sur’ati 2026-yilda 2,3 foizni tashkil etishini prognoz qilmoqdalar. Bunda mamlakatlarning aksariyati yuqori iqtisodiy faollikni saqlab qoladi. 2026-yilda YIM o‘sishi quyidagicha prognoz qilinmoqda: Armanistonda – 5,3%, Belarusda – 1,8%, Qozog‘istonda – 5,5%, Qirg‘izistonda – 9,3%, Rossiyada – 1,4%, Tojikistonda – 8,1% va O‘zbekistonda – 6,8%.
Jahon iqtisodiyoti
YoTB tahlilchilarining fikriga ko‘ra, jahon iqtisodiyoti 2024–2025-yillarga qaraganda biroz pastroq sur’atlarda o‘sadi va yangi savdo cheklovlariga asta-sekin moslashadi. AQSHda 2026-yilda tarif mojarosi va qarzning yuqori darajasi fonida o‘sish taxminan 1,6 foizni tashkil etishi kutilmoqda. Yevrohudud iqtisodiyoti asosan mudofaa va infratuzilmaga davlat xarajatlarining oshishi hisobiga 1,1 foizga o‘sadi. Xitoy drayver bo‘lib qoladi: hukumat tomonidan ichki talabning rag‘batlantirilishi hisobiga mamlakat iqtisodiyoti 2026-yilda 4,6 foizga o‘sishi mumkin.
AQSH va Yevrohududda inflyatsiya 2026–2028-yillarda maqsadli darajalardan yuqori bo‘lib qoladi. Bunda foiz stavkalari dinamikasi turlicha bo‘ladi. AQSHda tarif mojarolari fonida xarajatlarning oshishi sababli stavkalarning pasayishi sekin kechadi. Yevropa Markaziy banki esa, YoTB tahlilchilari fikriga ko‘ra, 2025-yilda stavkalarni pasaytirish siklini yakunlagan va 2026–2027-yillarda ularni asta-sekin oshirishni boshlaydi.
Makroprognozda ta’kidlanishicha, 2010-yillardagi past stavkalar davridan so‘ng iqtisodiyotlar o‘ta arzon pullar davridan oldingi davrga xos bo‘lgan yuqoriroq, «normal» foiz stavkalari darajasiga qaytdi. Bu moliyaviy barqarorlik va investitsiyalar uchun qo‘shimcha xatarlarni yuzaga keltiradi, chunki kompaniyalar va davlatlar katta hajmdagi qarzlarni qayta moliyalashtirishga majbur bo‘lmoqdalar. Natijada, foiz to‘lovlarining oshishi va investitsiyalar uchun mablag‘lar mavjudligining pasayishi tufayli foiz stavkalari darajasi jahon iqtisodiyoti o‘sishini to‘xtatib turadi. YoTB tahlilchilari ushbu masalani hisobotning 1-ilovasida batafsil yoritib berishgan.
2025–2027-yillarda xomashyo bozorlarida turli yo‘nalishdagi dinamika kutilmoqda: taklifning oshishi sababli neft biroz arzonlashadi, metallar narxi esa infratuzilma loyihalarining ko‘payishi va «yashil» energetikaning rivojlanishi tufayli oshadi. Oltin narxi geosiyosiy beqarorlik va dedollarizatsiya tendensiyasi sharoitida zaxira aktivi sifatida unga bo‘lgan yuqori talab tufayli yuqori darajada qoladi.
YoTB tahlilchilari Makroprognozning 2-ilovasida dollarning jahon iqtisodiyotidagi roli qanday o‘zgarayotganini tahlil qildilar. Ular shunday xulosaga keldilarki, markaziy banklar zaxiralarida dollarning ulushi sekin va barqaror ravishda pasaymoqda, ammo uning xalqaro hisob-kitoblardagi qo‘llanilishi o‘sishda davom etmoqda, kredit va depozit operatsiyalaridagi roli esa barqaror bo‘lib qolmoqda.
Yevroosiyo mintaqasi
Jahon iqtisodiyoti va xomashyo bozorlarining prognoz qilinayotgan dinamikasi Yevroosiyo mintaqasida iqtisodiy o‘sish uchun jiddiy to‘siqlar yaratmaydi, ammo o‘sish drayveri ham bo‘lmaydi.
Neft narxining pasayishi energiya tashuvchilar eksportchilari (Qozog‘iston, Rossiya) bo‘lgan mamlakatlarning eksport tushumini cheklaydi, ammo ularning iqtisodiy o‘sishiga jiddiy bosim o‘tkazmaydi. Neftning sof importchilari (Armaniston, Belarus, Qirg‘iziston, Tojikiston va O‘zbekiston) uchun pastroq narxlar savdo shartlarini yaxshilaydi va ichki narxlar o‘sishini jilovlashga yordam beradi. Oltinning yuqori narxlari mintaqaviy eksportchilar (Qirg‘iziston, Tojikiston, O‘zbekiston) valyuta tushumlarini oshiradi.
2025-yilda YoTB operatsiyalari mintaqasi iqtisodiyoti ikki yillik rekord darajadagi o‘sishdan so‘ng mo‘tadil, muvozanatli darajaga qaytadi. YoTB tahlilchilarining baholashicha, 2024-yildagi 4,5 foizdan so‘ng, mintaqa YIM 2025-yil yakunlari bo‘yicha 1,9 foizga oshadi. Sekinlashuv birinchi navbatda Rossiya iqtisodiyotining sovishi bilan izohlanadi. Shu bilan birga, Markaziy Osiyoning qator mamlakatlarida 2025-yil yakunlari bo‘yicha rekord darajadagi o‘sish sur’atlari kutilmoqda. Yuqori o‘sish sur’atlari Markaziy Osiyo mamlakatlariga kapitalni faol jalb qilishga qaramay, tashqi qarzni barqaror darajada ushlab turish imkonini berdi. Bu qarz yuki sezilarli darajada oshgan boshqa rivojlanayotgan iqtisodiyotlarga nisbatan ularning investitsiyaviy jozibadorligini oshiradi.
2026-yilda mintaqa iqtisodiyoti barqaror sur’atlarda rivojlanishda davom etadi — 2,3 foizga. Aksariyat mamlakatlarda faol investitsiyalar tufayli o‘sish yuqori bo‘lib qoladi. Inflyatsiya asta-sekin maqsadli daraja tomon pasayadi. YoTBga a’zo davlatlar regulyatorlarining mutanosib pul-kredit siyosati tufayli qo‘shimcha shoklar bo‘lmagan taqdirda mintaqada narxlar o‘sishi 2025-yildagi 6,9 foizdan 2026-yilda 6,3 foizgacha sekinlashadi.
YoTBga a’zo davlatlarning 2026-yil uchun asosiy makroiqtisodiy ko‘rsatkichlari prognozi
Manba: YoTB tahlilchilari hisob-kitoblari.
Armaniston
Armanistonning iqtisodiy o‘sish sur’atlari, YoTB prognozlariga ko‘ra, yuqoriligicha qoladi va 5,3 foizni tashkil etadi. Asosiy omil yuqori darajadagi jamg‘armalar va o‘sib borayotgan kreditlash bilan qo‘llab-quvvatlanadigan ichki iste’mol va investitsiya talabi bo‘lib qolmoqda. Inflyatsiya maqsadli daraja (3±1%) atrofida barqarorlashadi va 2026-yil oxiriga kelib 3,3 foizni tashkil etadi. Dramning o‘rtacha yillik kursi yuqori ichki talab fonida importning o‘sishi tufayli bir dollar uchun 393 darajasida bo‘lishi kutilmoqda.
Belarus
Belarusda 2026-yilda o‘sish sur’atlarining 1,8% darajasida saqlanib qolishi va keyinchalik tezlashishi prognoz qilinmoqda. Asosiy savdo hamkori — Rossiya iqtisodiyotining sekinlashishi tufayli Belarus mahsulotlariga talabning pasayishi to‘xtatib turuvchi omil bo‘lib qolmoqda. Shu bilan birga, yuqori investitsiya va iste’mol faolligi iqtisodiyot o‘sishini qo‘llab-quvvatlaydi. Belarusda inflyatsiya yangilangan maqsadli ko‘rsatkich – 7% atrofida bo‘ladi. Uning tezroq sekinlashishiga Rossiyadan narx bosimining import qilinishi va mehnat resurslari taqchilligi to‘sqinlik qiladi. Belarus rublining o‘rtacha kursi 2026-yilda 3,32 bel.rub./doll. darajasida prognoz qilinmoqda. Kursning mo‘tadil qadrsizlanishi importning o‘sishi va tovarlar eksportining qisqarishi bilan bog‘liq bo‘lib, bunda aholi tomonidan valyutaning sof sotilishi kursni qo‘llab-quvvatlab turadi.
Qozog‘iston
YoTB tahlilchilari Qozog‘iston iqtisodiyotining barqaror o‘sishi 2026-yilda 5,5 foiz darajasida saqlanib qolishini kutmoqdalar. Milliy infratuzilma rejasining amalga oshirilishi va «Investitsiyalar uchun buyurtma» davlat dasturining ishga tushirilishi neft narxining pasayishidan keladigan salbiy ta’sirni yumshatadi. Iqtisodiyotni shuningdek, noxomashyo eksportining oshirilishi ham qo‘llab-quvvatlaydi. QQS oshirilishi fonida 2026-yil boshidagi eng yuqori cho‘qqidan so‘ng inflyatsiyaning pasayishi prognoz qilinmoqda. Bunda mo‘tadil qat’iy pul-kredit sharoitlari inflyatsiyaning 2026-yil oxiriga kelib 9,7 foizgacha pasayishini ta’minlaydi. YoTB tahlilchilari prognoziga ko‘ra, tenge kursi 2026-yilda o‘rtacha 535 tenge/dollarni tashkil etadi. Yuqori bazaviy stavka va noxomashyo eksportining o‘sishi almashuv kursini qo‘llab-quvvatlovchi omillar bo‘lib xizmat qiladi.
Qirg‘iz Respublikasi
2026-yilda Qirg‘iz Respublikasi iqtisodiyoti YIM o‘sishi bo‘yicha mintaqada yetakchilikni saqlab qoladi — taxminan 9,3%. Bunday dinamika transport, energetika va suv ta’minoti, shuningdek, uy-joy qurilishiga investitsiyalarni oshirish hisobiga shakllanadi. YoTB tahlilchilari inflyatsiyaning 2026-yil oxiriga kelib 8,3 foizgacha sekinlashishini kutmoqdalar. Inflyatsiyaning tezroq pasayishini tariflar va aksizlarning o‘sishi cheklab turadi. Som kursi 2026-yilda o‘rtacha 89,2 darajasida bo‘lishi kutilmoqda, pul o‘tkazmalarining o‘sishi va respublikaning asosiy eksport tovari bo‘lgan oltinning yuqori narxi unga madad beradi.
Rossiya
Rossiyada 2026-yilda iqtisodiyotning 1,4 foizga o‘sishi va keyinchalik byudjet rag‘batlantirishining saqlanib qolishi hamda kreditlashning tiklanishi tufayli barqaror o‘sish sur’atlariga qaytishi prognoz qilinmoqda. Inflyatsiya maqsadli daraja tomon pasayishda davom etadi va 2026-yil oxiriga kelib 5,5 foizni tashkil etadi. QQS oshirilishi va ishchi kuchi taqchilligi inflyatsiyani maqsaddan yuqori ushlab turadi. YoTB tahlilchilari neft narxining pasayishi, stavkalarning bosqichma-bosqich pasayishi va Rossiya Banki tomonidan valyuta sotuvining qisqarishi sharoitida Rossiya rubli almashuv kursining 2026-yil oxiriga kelib 97 rubl/dollargacha qadrsizlanishini kutmoqdalar.
Tojikiston
Tojikiston iqtisodiyoti 2026-yilda YIM o‘sishining yuqori sur’atlarini saqlab qoladi — taxminan 8,1%. Asosiy drayverlar — energetika va qayta ishlash sanoatida quvvatlarning kengaytirilishi, oltin va rangli metallarning yuqori narxlari. Inflyatsiya 2026-yil oxiriga kelib yillik 4,5 foizgacha oshadi va 5±2% maqsadli diapazonda qoladi. Somoni kursi eksport va mehnat migrantlari pul o‘tkazmalarining oshishi hisobiga barqaror bo‘ladi. YoTB tahlilchilari prognoziga ko‘ra, 2026-yilda somonining o‘rtacha kursi taxminan 9,8 somoni/dollarni tashkil etadi.
O‘zbekiston
YoTB tahlilchilari O‘zbekiston iqtisodiyoti 2026-yilda ham barqaror yuqori sur’atlarda — taxminan 6,8 foizga o‘sishda davom etishini kutmoqdalar. O‘sishni yuqori investitsiyalar va oltin narxining qulayligi ta’minlaydi. Inflyatsiya O‘zbekiston Respublikasi Markaziy bankining maqsadi tomon pasayishda davom etadi va 2026-yil oxiriga kelib 6,7 foizgacha sekinlashishi mumkin. Bunga nisbatan qat’iy pul-kredit sharoitlari va so‘m kursining barqarorligi — yil davomida o‘rtacha bir dollar uchun taxminan 12 800 so‘m bo‘lishi yordam beradi. Pul o‘tkazmalarining yuqori darajada saqlanib qolishi va qulay narx kon’yunkturasi fonida metallar eksportining o‘sishi milliy valyutani qo‘llab-quvvatlaydi.
YoTB prognozi. Bankka a’zo davlatlarning asosiy makroiqtisodiy ko‘rsatkichlari (bazaviy ssenariy)
| Ko‘rsatkich | 2024 | 2025 P | 2026 P | 2027 P | 2028 P |
| Armaniston Respublikasi | |||||
| Solishtirma narxlarda YIM, % | 5,9 | 6,0 | 5,3 | 5,3 | 5,1 |
| Inflyatsiya (davr oxiriga), % yillik | 1,5 | 3,3 | 3,3 | 3,3 | 3,0 |
| Qayta moliyalashtirish stavkasi (yil davomida o‘rtacha), % | 8,0 | 6,8 | 6,5 | 6,0 | 6,0 |
| Dramning dollarga nisbatan kursi (yil davomida o‘rtacha) | 392 | 389 | 393 | 400 | 403 |
| Belarus Respublikasi | |||||
| Solishtirma narxlarda YIM, % | 4,0 | 1,8 | 1,8 | 1,9 | 2,0 |
| Inflyatsiya (davr oxiriga), % yillik | 5,2 | 7,1 | 6,9 | 6,7 | 6,5 |
| Qayta moliyalashtirish stavkasi (yil davomida o‘rtacha), % | 9,5 | 9,7 | 9,75 | 9,75 | 9,75 |
| Bel. rublining dollarga nisbatan kursi (yil davomida o‘rtacha) | 3,25 | 3,08 | 3,32 | 3,66 | 3,89 |
| Qozog‘iston Respublikasi | |||||
| Solishtirma narxlarda YIM, % | 5,0 | 5,9 | 5,5 | 5,5 | 5,5 |
| Inflyatsiya (davr oxiriga), % yillik | 8,6 | 12,3 | 9,7 | 6,4 | 5,0 |
| Bazaviy stavka (yil davomida o‘rtacha), % | 14,7 | 16,7 | 16,3 | 12,4 | 10,2 |
| Tengening dollarga nisbatan kursi (yil davomida o‘rtacha) | 469 | 525 | 535 | 559 | 578 |
| Qirg‘iz Respublikasi | |||||
| Solishtirma narxlarda YIM, % | 9,0 | 10,3 | 9,3 | 7,6 | 7,5 |
| Inflyatsiya (davr oxiriga), % yillik | 6,3 | 9,1 | 8,3 | 7,4 | 6,2 |
| Hisob stavkasi (yil davomida o‘rtacha), % | 10,5 | 9,2 | 11,0 | 11,0 | 11,0 |
| Somning dollarga nisbatan kursi (yil davomida o‘rtacha) | 87,1 | 87,4 | 89,2 | 91,9 | 93,3 |
| Rossiya Federatsiyasi | |||||
| Solishtirma narxlarda YIM, % | 4,3 | 1,0 | 1,4 | 2,0 | 2,1 |
| Inflyatsiya (davr oxiriga), % yillik | 9,5 | 6,0 | 5,5 | 5,1 | 4,5 |
| Asosiy stavka (Kalit stavka) (yil davomida o‘rtacha), % | 17,5 | 19,2 | 14,4 | 12,2 | 10,5 |
| Ros. rublining dollarga nisbatan kursi (yil davomida o‘rtacha) | 92,4 | 85 | 94 | 104 | 109 |
| Tojikiston Respublikasi | |||||
| Solishtirma narxlarda YIM, % | 8,4 | 8,3 | 8,1 | 7,2 | 7,1 |
| Inflyatsiya (davr oxiriga), % yillik | 3,6 | 3,0 | 4,5 | 4,7 | 4,9 |
| Qayta moliyalashtirish stavkasi (yil davomida o‘rtacha), % | 9,3 | 8,2 | 7,6 | 8,4 | 8,4 |
| Somonining dollarga nisbatan kursi (yil davomida o‘rtacha) | 10,8 | 10,3 | 9,8 | 10,3 | 10,8 |
| O‘zbekiston Respublikasi | |||||
| Solishtirma narxlarda YIM | 6,5 | 7,4 | 6,8 | 6,4 | 6,3 |
| Inflyatsiya (davr oxiriga) | 9,8 | 7,5 | 6,7 | 5,8 | 5,2 |
| Asosiy stavka (yil davomida o‘rtacha, %) | 13,8 | 13,9 | 13,7 | 12,4 | 11,6 |
| So‘mning dollarga nisbatan kursi (yil davomida o‘rtacha) | 12 652 | 12 647 | 12 800 | 14 100 | 15 100 |
Izoh: P — «prognoz», YIM, inflyatsiya — % yildan yilga; dollarga nisbatan kurs — 1 dollar uchun milliy valyuta birligi.
Manbalar: YoTBga a’zo davlatlarning milliy idoralari, YoTB tahlilchilari hisob-kitoblari.
Makroiqtisodiy prognoz mazmuni bilan batafsil Bank saytida tanishish mumkin.
Ma’lumotnoma:
Yevroosiyo taraqqiyot banki (YoTB) — Yevroosiyo hududida investitsiya faoliyatini amalga oshiruvchi ko‘p tomonlama taraqqiyot banki. 19 yildan ortiq vaqt mobaynida YoTB a’zo mamlakatlarning iqtisodiy aloqalarini mustahkamlash va kengaytirish hamda har tomonlama rivojlanishiga ko‘maklashib kelmoqda. 2025-yil iyul holatiga ko‘ra, YoTBning jamg‘arilgan portfelida umumiy investitsiya hajmi 19,1 mlrd AQSH dollariga teng bo‘lgan 319 ta loyiha mavjud. YoTB portfelida asosiy ulushni transport infratuzilmasi, raqamli tizimlar, yashil energetika, qishloq xo‘jaligi, sanoat va mashinasozlik sohalaridagi integratsion samaraga ega loyihalar egallaydi. Bank o‘z faoliyatida BMTning Barqaror rivojlanish maqsadlari va ESG tamoyillariga amal qiladi.
YoTB 2022–2026-yillarga mo‘ljallangan Strategiya doirasida 3 ta megaloyihani amalga oshirmoqda: «Markaziy Osiyo suv-energetika majmuasi», «Yevroosiyo transport karkasi», «Yevroosiyo tovar o‘tkazuvchi tarmog‘i».