O‘zbekiston Respublikasi Markaziy banki tomonidan 2022 yilning 9 oyi uchun to‘lov balansi joriy operatsiyalari hisobining dastlabki ko‘rsatkichlari tayyorlandi.[1]
Dastlabki hisob-kitoblarga ko‘ra, to‘lov balansining joriy operatsiyalar hisobi saldosi manfiy bo‘lib, 346,6 mln. dollarni tashkil etdi.
Savdo balansining (tovarlar va xizmatlar) manfiy saldosi (10,9 mlrd. dollar), birlamchi va ikkilamchi daromadlarning ijobiy saldosi (11,2 mlrd. dollar) hisobiga qoplangan.
Tovarlar va xizmatlar eksporti
Jami tovarlar va xizmatlar eksporti (oltinsiz) o‘tgan yilning mos davriga nisbatan 25 foizga yoki 2,2 mlrd. dollarga oshib, 2022 yilning 9 oyida 11 mlrd. dollarga yetdi.
Xususan, tovarlar eksporti o‘tgan yilga nisbatan 21 foizga yoki 1,5 mlrd. dollarga oshib, 8,6 mlrd. dollarni (2021 yilning 9 oyida 7,1 mlrd. dollar) tashkil etdi.
Tovarlar eksportining asosiy qismini “to‘qimachilik va to‘qimachilik buyumlari” – 2,5 mlrd. dollar (2021 yilning 9 oyida 2,3 mlrd. dollar), “qimmatbaho bo‘lmagan metallar va ulardan buyumlar” – 1,3 mlrd. dollar (2021 yilning 9 oyida 1,2 mlrd. dollar), “mineral mahsulotlar” – 973,4 mln. dollar (2021 yilning 9 oyida 700,3 mln. dollar) hamda “kelib chiqishi o‘simlikka mansub mahsulotlar” – 895,1 mln. dollar (2021 yilning 9 oyida 776,5 mln. dollar) tovar guruhlari tashkil etdi.
Xizmatlar eksporti o‘tgan yilning 9 oyiga nisbatan 44 foizga yoki 730 mln. dollarga oshib, 2,4 mlrd. dollarni (2021 yilning 9 oyida 1,6 mlrd. dollar) tashkil etdi.
Xizmatlar eksporti tarkibida asosiy o‘sish transport va safarlar bilan bog‘liq xizmatlar komponentiga to‘g‘ri kelib, 1,9 mlrd. dollarga yetdi. Bunda, mazkur ko‘rsatkichning o‘tgan yilning mos davriga nisbatan 46 foizga yoki 618 mln. dollarga o‘sishi xalqaro qatnovlarning jadallashishi hamda yaqin xorijiy mamlakatlar fuqarolarining O‘zbekistonga qisqa va o‘rta muddatga tashriflari soni oshishi hisobiga shakllanganligi bilan izohlanishi mumkin.
Tovarlar va xizmatlar importi
Jami tovarlar va xizmatlar importi o‘tgan yilning mos davriga nisbatan 25 foizga yoki 4,9 mlrd. dollarga oshib, 2022 yilning 9 oyida 24,8 mlrd. dollarga yetdi.
Jumladan, tovarlar importi 20,3 mlrd. dollarni tashkil etib, o‘tgan yilning mos davriga nisbatan 22 foiz yoki 3,7 mlrd. dollarga ko‘paydi.
Tovarlar importining asosiy qismi “mashinalar, uskunalar, mexanizmlar” – 5,7 mlrd. dollar (2021 yilning 9 oyida 4,7 mlrd. dollar), “qimmatbaho bo‘lmagan metallar va ulardan buyumlar” – 2,8 mlrd. dollar (2021 yilning 9 oyida 2,3 mlrd. dollar), ”transport uskunalari” – 2,3 mlrd. dollar (2021 yilning 9 oyida 2,3 mlrd. dollar) va “kimyo sanoati mahsulotlari” – 2,4 mlrd. dollar (2021 yilning 9 oyida 2,1 mlrd. dollar) tovar guruhlariga to‘g‘ri keldi.
Xizmatlar importi o‘tgan yilning mos davriga nisbatan 37 foiz yoki 1,2 mlrd. dollarga oshib, 4,6 mlrd. dollarni (2021 yilning 9 oyida 3,3 mlrd. dollar) tashkil etdi. Bunda, xizmatlar importi tarkibida 2021 yilning mos davriga nisbatan safarlar komponentida 800 mln. dollarlik, transport xizmatlarida esa 355 mln. dollarlik o‘sish kuzatildi.
Birlamchi va ikkilamchi daromadlar
Birlamchi daromadlar[2] saldosi 555 mln. dollar (2021 yilning 9 oyida 156 mln. dollar) miqdorida ijobiy bo‘lib shakllandi. Bu asosan chet elga ishlash maqsadida ketgan qisqa muddatli mehnat muhojirlarining soni o‘tgan yilning mos davriga nisbatan o‘sishi[3] bilan izohlanishi mumkin.
Ikkilamchi daromadlarning[4] ijobiy saldosi shaxsiy transfert (o‘tkazma)lar o‘tgan yilning mos davriga nisbatan 2,4 barobarga yoki 6,2 mlrd. dollarga oshishi hisobiga, 10,7 mlrd. dollarni tashkil etdi (2021 yilning 9 oyida 4,5 mlrd. dollar).
Ikkilamchi daromadlarning noodatiy sur’atlarda o‘sishi jahondagi mavjud geosiyosiy vaziyat natijasida pul o‘tkazmalarini jo‘natuvchi asosiy mamlakatlarga nisbatan cheklovlar joriy qilinishi, mablag‘larning norasmiy sektordan rasmiy sektorga o‘tishi, kichik (mavsumiy) eksportyorlar tomonidan eksport tushumlarini pul o‘tkazmalari tizimlari orqali jo‘natilishi hamda Rossiya rublining I chorakka nisbatan mustahkamlanishi bilan izohlanadi.
Dastlabki ko‘rsatkichlar bo‘yicha qo‘shimcha o‘rganishlar va tahlillar o‘tkazilib, 2022 yilning 9 oyi uchun to‘lov balansi va xalqaro investitsion pozitsiyasi ko‘rsatkichlari bo‘yicha yakuniy hisobot foydalanuvchilarga 2022 yilning dekabr oyida taqdim qilinadi.
[1] Dastlabki ko‘rsatkichlar tezkor ma’lumotlar va ekspertlik baholashlar asosida tuzilganligi sababli ular yakuniy ma’lumotlar bilan farq qilishi mumkin.
[2] Xorijda ishlovchi O‘zbekiston fuqarolariga norezidentlar tomonidan to‘langan ish haqi hamda investitsion daromadlar
[3] Davlat statistika qo‘mitasi ma’lumotlariga ko‘ra, 2022 yilning 9 oyida chet elga ishlash maqsadida ketgan qisqa muddatli mehnat muhojirlarining soni o‘tgan yilning mos davriga nisbatan 51 foizga oshgan.
[4] Rezident va norezidentlar o‘rtasidagi hech qanday majburiyatlarsiz o‘tkazilgan joriy transfertlar