28 Noy, 2024

O‘zbekistonga o‘tgan 10 oyda 26 milliard dollardan ziyod xorijiy investitsiya kiritilgan

O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev 27-noyabr kuni xorijiy investitsiyalarni jalb qilish holati va kelgusi yilgi rejalar muhokamasi bo‘yicha yig‘ilish o‘tkazdi.

O‘tgan 10 oyda mamlakatimizga 26 milliard dollardan ziyod xorijiy investitsiya kiritilgan. Bu – o‘tgan yilga nisbatan 1,7 barobar ko‘p. Shundan qariyb 24 milliard dollari to‘g‘ridan to‘g‘ri sarmoyalardir.

Kiritilgan investitsiyalar hisobiga 6 ming 300 ta korxona ishga tushgan, ular 30 trillion so‘mlik qo‘shilgan qiymat yaratgan, eksport 305 million dollarga oshgan. Eng muhimi, bularning natijasida 163 mingta yuqori daromadli ish o‘rni ochilgan.

Noyabr-dekabr oylarida yana 8,6 milliard dollar investitsiya kelishi kutilmoqda.

Tanqidiy ruhda o‘tgan yig‘ilishda investitsiyalarning jalb etilishi hamda loyihalarning bajarilishi har bir hudud va tarmoq kesimida atroflicha tahlil qilindi.

Sakkizta tuman va shaharda investitsiya ko‘rsatkichlari past bo‘lgan. Ayrim tarmoqlarda o‘tgan yilga nisbatan kamaygan. Xalqaro moliya institutlari bilan amalga oshirilayotgan ba’zi loyihalar sust bormoqda. Xususan, 17 ta loyihada hujjatlarni ishlab chiqish va tender jarayonlari kechikkan.

Yig‘ilishda mutasaddilar yil yakunigacha kutilayotgan natijalar va 2025-yilga mo‘ljallangan rejalar yuzasidan axborot berdi.

Prezident hududlarning investitsiyaviy faolligini yanada oshirish, bu boradagi yondashuvlarni tubdan o‘zgartirish shartligini ko‘rsatib o‘tdi. Masalan, Yevropa taraqqiyot va tiklanish banki mamlakatimiz biznes muhitidagi ijobiy o‘zgarishlarni, iqtisodiyotimizning o‘sish sur’atlarini hisobga olib, xususiy sektor ishtirokidagi loyihalarni ham moliyalashtirishga tayyorligini bildirgan.

Hududlar bunday imkoniyatlardan unumli foydalanishi, mustaqil mablag‘lar ham jalb etishi kerak. Shu bilan birga, investitsiyalarning nafaqat hajmini, balki sifatini ham oshirish zarur. Ya’ni, jalb qilingan har bir dollar sanoatni rivojlantirish, yangi ish o‘rinlari yaratish, eksport salohiyatini oshirishga xizmat qilishi lozim.  

Yig‘ilishda xalqaro moliyaviy institutlar va xorijiy davlatlardan mablag‘ jalb etish hajmlari va yo‘nalishlarini yana bir bor ko‘rib chiqish vazifasi qo‘yildi. 2025 yil uchun loyihalarni tarmoq va hududlar kesimida, shu jumladan, davlat-xususiy sheriklik va xususiy sarmoyalar yo‘nalishida aniq belgilab olish muhimligi ta’kidlandi.

 

Manba: President.uz 

Bizga yozing

Iltimos, ariza shaklini to’ldiring va biz tez orada siz bilan bog’lanamiz.