18 Fev, 2025

Islom Taraqqiyot Banki O‘zbekistonga ta’lim va infratuzilmani rivojlantirish uchun $299 million ajratadi

2025-yil 16-fevral kuni Saudiya Arabistonida bo‘lib o‘tgan «Rivojlanayotgan mamlakatlar muloqoti» konferensiyasi doirasida O‘zbekiston va Islom Taraqqiyot Banki (ITB) 299 million dollar miqdoridagi kreditlarni taqdim etish bo‘yicha ikki bitim imzoladi. Ushbu mablag‘lar ta’lim va transport infratuzilmasi sohalaridagi loyihalarni amalga oshirishga yo‘naltiriladi.

Birinchi loyiha uchun 160,25 million dollar ajratilib, u O‘zbekistonda inklyuziv ta’limni rivojlantirishga yo‘naltiriladi. SmartED dasturi doirasida 58 zamonaviy maktab qurilishi rejalashtirilgan bo‘lib, ular laboratoriya jihozlari, mebel va raqamli infratuzilma bilan ta’minlanadi. Loyiha, shuningdek, 2431 ta yangi o‘quv sinfi tashkil etish, kompetensiyaga asoslangan yondashuvga o‘tish bilan yangi o‘quv dasturlari va materiallarini ishlab chiqish, o‘qituvchilarni tayyorlash va ularning malakasini oshirish tizimini isloh qilish hamda o‘quvchilarni baholash va maktablarning samaradorligini oshirish mexanizmlarini takomillashtirishni nazarda tutadi. Tashabbusning maqsadi — 2026-yilga kelib mamlakatdagi barcha o‘quvchilarga sifatli va inklyuziv ta’limga yaxshilangan kirishni ta’minlashdir.

Ikkinchi loyiha Sirdaryo viloyatidagi A373 avtomagistralining 37 km qismini rekonstruksiya qilishni nazarda tutadi va bu maqsad uchun 138,8 million dollar ajratiladi. Ishlar Oqoltin, Mirzaobod va Sardoba tumanlaridan o‘tuvchi yo‘l uchastkalarida amalga oshiriladi. Loyiha natijasida 2030-yilgacha yo‘lda harakatlanish vaqti 50% ga — 30 daqiqagacha qisqarishi, avariyalar soni 40% ga kamayishi va yo‘lning o’tkazish qobiliyati oshishi kutilmoqda. Bu esa savdo, turizm va mintaqaviy hamda xalqaro transport integratsiyasining rivojlanishiga xizmat qiladi.

Ushbu kelishuvlarning imzolanishi O‘zbekistonning xalqaro moliyaviy institutlar bilan hamkorligini mustahkamlashga bo‘lgan intilishini tasdiqlaydi va mamlakat aholisining turmush sifatini oshirishga qaratilgan strategik loyihalarni amalga oshirishga zamin yaratadi.

Manba: Gazeta.uz

Bizga yozing

Iltimos, ariza shaklini to’ldiring va biz tez orada siz bilan bog’lanamiz.