13 May, 2022

“Yangi O‘zbekistonning 2022–2026 yillarga mo‘ljallangan taraqqiyot strategiyasi” matbuot anjumani

Investitsiyalar va tashqi savdo vazirligi tomonidan “Yangi O‘zbekistonning 2022–2026 yillarga mo‘ljallangan taraqqiyot strategiyasi” matbuot anjumani tashkil etildi.

Investitsiyalar va tashqi savdo vazirligi tomonidan «Yangi O‘zbekistonning 2022–2026 yillarga mo‘ljallangan taraqqiyot strategiyasi» hamda “Inson qadrini ulug‘lash va faol mahalla yili” Davlat dasturining joriy yilning 1-choragida ayrim bandlari ijrosi to‘g‘risida keng jamoatchilikni xabardor qilish maqsadida matbuot anjumani tashkil etildi. Muloqotda Vazirlikning mas’ul boshqarmalari rahbar va mutaxassislari, ommaviy axborot vositalari vakillari ishtirok etdi.

2017-2021-yillar mamlakatimiz uchun muhim davr bo‘lgani ta’kidlandi. 5 yil davomida iqtisodiyotni shakllantirish, global tashabbuslarni ilgari surish, o‘tkir ijtimoiy masalalarni hal qilish, eng yaxshi tajribaga tayanib, zamonaviy amaliyotlarni joriy etish, tarmoqlarni rivojlantirish va turmush darajasini oshirish bo‘yicha faol sa’y-harakatlar amalga oshirildi. Ushbu muhim ustuvor yo‘nalishlar islohotlarning ikkinchi bosqichida ham dasturilamal sifatida qabul qilindi. 2022 yil yanvar oyida to‘liq yangilangan dasturiy hujjat, butunlay boshqa tendensiyalarga asoslangan “Yangi O‘zbekistonning 2022-2026 yillarga mo‘ljallangan rivojlanish strategiyasi” qabul qilindi. Hujjatda jahon tendensiyalarini hisobga olgan holda keng qo‘lamlilik va samaradorlikka hamda ezgu shior – inson qadri va manfaatlarini qadrlashga ustuvorlik berilgan.

Bu ustuvorliklarning barchasi “Inson qadrini ulug‘lash va faol mahalla yili”da amalga oshirilishi uchun allaqachon turtki bo‘lmoqda. Xususan, Investitsiyalar va tashqi savdo vazirligiga davlat dasturining 42 ta bandi va kichik bandlarini bajarish, shu jumladan 16 ta normativ-huquqiy hujjatlar loyihalarini ishlab chiqish, Hukumat komissiyasining 3 ta bayonnomasini, 1ta kompleks chora-tadbirlar rejasini ishlab chiqish, 22 ta kompleks tadbir va tashabbuslarni amalga oshirish yuklatilgan.

Joriy yilning birinchi choragi yakunlariga ko‘ra, Investitsiyalar va tashqi savdo vazirligi tomonidan Dasturning 8 bandi to‘liq amalga oshirildi. Xususan, bandlardan biri asosida Strategiyaning 22-maqsadi doirasida farmatsevtika sanoati mahsulotlarini ishlab chiqarish hajmini oshirishni ko‘zlab “Tashkent Pharma Parkinnovatsion ilmiy-ishlab chiqarish farmatsevtika klasteri negizida biotexnologik klaster tashkil etish yuzasidan qaror loyihasi ishlab chiqildi.

Bundan tashqari, budjet va korporativ buyurtmachilarni tarmoqlararo sanoat yarmarkalarida ishtirok etishga keng jalb qilish bo‘yicha chora-tadbirlarini belgilab beruvchi Vazirlar Mahkamasining qarori loyihasi ishlab chiqildi. Ularning barchasi O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2022 yil 26 martdagi “2022 yilda hududiy va respublika tarmoqlararo sanoat yarmarkalarini tashkil etish va o‘tkazish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi qarorida o‘z aksini topdi. Hujjatning maqsadi hududiy tarmoqlararo sanoat yarmarkalari va respublika sanoat yarmarkasini yuqori darajada tashkil etish va o‘tkazishdan iborat.

Shu bilan birga, geologiya-qidiruv ishlari hajmini tubdan oshirish, sohaga xususiy investorlar va ilg‘or xorijiy kompaniyalarni keng jalb qilish bo‘yicha Strategiyaning 23-maqsadi doirasida Vazirlik tomonidan respublikada mavjud uglevodorod konlarida, shu jumladan “O‘zbekneftgaz” AJga biriktirilgan ob’ektlarda geologiya-qidiruv ishlari va qazib olishga jalb qilish holati tahlil qilindi hamda investorlarga taklif etiladigan geologik ob’ektlar ro‘yxati shakllantirildi va Vazirlar Mahkamasiga amaliy chora-tadbirlar amalga oshirilishi bo‘yicha ma’lumotlar kiritildi.

Dasturiy hujjatda, shuningdek, mamlakat investitsiyaviy muhitini yanada yaxshilash va jozibadorligini oshirish, kelgusi besh yil ichida 120 milliard dollar miqdorida investitsiyalar, shu jumladan 70 milliard dollar xorijiy investitsiyalarni jalb qilish ustuvor yo‘nalish sifatida belgilab qo‘yilgan. Ushbu ustuvor yo‘nalishlarni amalga oshirish doirasida vazirlik ko‘magida investitsiya loyihalarini amalga oshirish va monitoring qilish, hududlarning iqtisodiy salohiyati chuqur tahlil qilgan holda eksportni rag‘batlantirish bo‘yicha “tuman (shahar) – viloyat – respublika” tizimida ishlaydigan loyiha guruhlari faoliyatini tashkil etish bo‘yicha hukumat komissiyasining 7-sonli bayonnomasi qabul qilindi.

Qo‘shimcha kapitalni jalb qilish borasida joriy yilning 24-26 mart kunlari Toshkentda o‘tkazilgan Birinchi Toshkent xalqaro investitsiya forumini tilga olmaslik mumkin emas. Unda 2000 dan ortiq ishtirokchilar, shu jumladan 56 mamlakatdan yirik investorlar va yuqori martabali mehmonlar qatnashdi. Forum natijasida 7,8 mlrd dollarlik aniq kelishilgan investitsiya shartnomalari imzolandi. Umumiy qiymati 3,5 mlrd dollarlik loyihalarni amalga oshirish bo‘yicha dastlabki kelishuvlarga erishildi.

Rivojlanish Strategiyasining 28-maqsadida Respublikaning eksport salohiyatini yanada oshirish belgilangan. Hukumat komissiyasi har bir soha kesimida maqsadli ko‘rsatkichlarga erishish bo‘yicha tadbirlar rejalarini tasdiqladi. Eslatib o‘tamiz, 2026 yilda respublika eksporti hajmini 30 milliard dollarga yetkazish rejalashtirilgan. Bunga mahalliy ishlab chiqarishning raqobatbardosh mahsulotlarini chet elga yetkazib berishni kengaytirish va foydalanilmagan zaxiralarni ishga solish hisobiga erishiladi.

36-maqsad hamda Dasturning 197.4-bandi ijrosini ta’minlash maqsadida O‘zbekiston va Rossiya o‘rtasidagi kelishuvga ko‘ra “Agroekspress” loyihasi doirasida “yashil koridor” tashkil etilgan va temir yo‘l transporti tariflariga 65 foizgacha imtiyozlar o‘rnatildi.

Matbuot anjumani yakunida savol-javoblar sessiyasi bo‘lib o‘tdi. Unda jurnalistlar o‘zilarini qiziqtirgan ma’lumotlarga ega bo‘ldilar. Investitsiyalar va tashqi savdo vazirligi 2022 yilda “Yangi O‘zbekistonning taraqqiyot strategiyasi” maqsadlarini va uni amalga oshirishga qaratilgan Davlat dasturini o‘z vaqtida va sifatli amalga oshirishga qaratilgan keng qamrovli ishlarni davom ettirishi ta’kidlandi.

Bizga yozing

Iltimos, ariza shaklini to’ldiring va biz tez orada siz bilan bog’lanamiz.