20 Dek, 2025

Senat “2026-yil uchun soliq-budjet siyosatining asosiy yo‘nalishlari to‘g‘risida”gi Qonunni ma’qulladi

O‘zbekiston Respublikasi Senatining o‘n ikkinchi yalpi majlisida “2026-yil uchun soliq-budjet siyosatining asosiy yo‘nalishlari qabul qilinganligi munosabati bilan O‘zbekiston Respublikasining ayrim qonun hujjatlariga o‘zgartish va qo‘shimchalar kiritish to‘g‘risida”gi Qonun muhokama qilindi.

Ta’kidlanganidek, ayrim qonun hujjatlariga o‘zgartish va qo‘shimchalar kelgusi yil uchun soliq-budjet siyosatining asosiy yo‘nalishlarini amalga oshirishni ta’minlash, shu jumladan amaldagi qonunchilikni Jahon savdo tashkiloti bitimlariga muvofiqlashtirish, shuningdek, Prezidentning tadbirkorlar bilan ochiq muloqoti davomida belgilangan vazifalarni bajarish maqsadida kiritilmoqda.

2026-yilda soliq siyosatida asosiy soliq stavkalari o‘zgarishsiz qoladi:

  • qo‘shilgan qiymat solig‘i – 12 foiz,
  • foyda solig‘ining bazaviy stavkasi – 15,
  • jismoniy shaxslardan olinadigan daromad solig‘i – 12 foiz,
  • yuridik shaxslarning mol-mulk solig‘i stavkasi – 1,5 foiz,
  • qishloq xo‘jaligi ahamiyatiga ega bo‘lgan yerlar uchun yer solig‘i – 0,95 foiz,
  • ijtimoiy soliq – 12 foiz (budjet tashkilotlari – 25 foiz),
  • aylanmadan olinadigan soliq – 4 foiz.

Bundan tashqari, Soliq kodeksida qo‘shilgan qiymat solig‘ining uzluksiz zanjirini yaratishni ta’minlash, aholining sog‘lom turmush tarzini qo‘llab-quvvatlash va suv resurslaridan oqilona foydalanish nazarda tutilmoqda.

Shuningdek, ushbu Qonun mebel va zargarlik sanoatida faoliyat yuritayotgan tadbirkorlarni har tomonlama qo‘llab-quvvatlashni ta’minlash, mahsulot eksportini kengaytirish, aholi daromadlarini oshirish va barqaror iqtisodiy o‘sishga qaratilgan.

Qayd etilganidek, Qonunning amalga oshirilishi natijasida soliq majburiyatlarini bajarish bo‘yicha tegishli huquqiy munosabatlarni tartibga solish nazarda tutilgan bo‘lib, bu tadbirkorlar uchun qulay shart-sharoitlar yaratish imkonini beradi.

Ma’muriy javobgarlik to‘g‘risidagi kodeksda mikrofirmalar va kichik korxonalarga soliq hisobotini o‘z vaqtida taqdim etmaganlik uchun jarimalar miqdori pasaytirilmoqda va so‘nggi uch oy davomida soliq hisobotini o‘z vaqtida topshirgan soliq to‘lovchilarga, navbatdagi hisobotni 5 ish kunigacha kechiktirgan taqdirda, ma’muriy jarima qo‘llanilmasligi belgilanmoqda.

Bundan tashqari, bir taqvim oyi davomida bir necha turdagi soliqlar bo‘yicha hisobotlar o‘z vaqtida taqdim etilmagan taqdirda, barcha hisobotlar uchun bitta jarima qo‘llash mexanizmi joriy etilmoqda.

Senat a’zolari o‘z chiqishlarida qishloq xo‘jaligi, to‘qimachilik sanoati, mahalliy sanoat, oziq-ovqat sanoati, media va aloqa kabi iqtisodiyot sohalarida qator soliq va bojxona imtiyozlari berilayotganini ta’kidladilar.

Shu bilan birga, ushbu Qonun xalq deputatlari mahalliy Kengashlariga qishloq xo‘jaligiga mo‘ljallangan yerlar uchun belgilangan stavkaga nisbatan 0,5 dan 1,2 gacha kamaytiruvchi va oshiruvchi koeffitsiyentlarni, lazerli tekislashni talab etadigan sug‘oriladigan yerlar lazerli nivelir yordamida tekislanmagan hollarda esa, ushbu yerlar uchun foydalaniladigan suv hajmi bo‘yicha soliq stavkalariga nisbatan 1,2 gacha oshiruvchi koeffitsiyentni qo‘llash vakolatini beradi.

Senatorlar mazkur Qonun tadbirkorlik faoliyati subyektlarini har tomonlama rag‘batlantirishi, teng va adolatli raqobat muhitini ta’minlashi, ma’muriy jarimalar yukini yengillashtirishi hamda yashirin iqtisodiyot ulushini qisqartirishga qaratilganligini qayd etdilar.

Muhokama yakunida senatorlar Qonunni ma’qulladilar.

Manba: O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Senati

Bizga yozing

Iltimos, ariza shaklini to’ldiring va biz tez orada siz bilan bog’lanamiz.