02 Dek, 2025

Osiyo infratuzilviy investitsiyalar banki O‘zbekistonga “yashil” va barqaror bozor iqtisodiyotiga o‘tish dasturi uchun 500 million dollar ajratadi

Osiyo infratuzilviy investitsiyalar banki (OIIB) va O‘zbekiston hukumati “yashil” va barqaror bozor iqtisodiyotiga o‘tish dasturini amalga oshirish uchun 500 million dollar ajratish to‘g‘risidagi bitimni imzoladilar.

Ushbu keng ko‘lamli islohotlar paketi mamlakatni yanada ekologik toza, barqaror va bozorga yo‘naltirilgan rivojlanish modeliga transformatsiya qilishni tezlashtirishga qaratilgan.

Tashabbus kam uglerodli o‘sishni ta’minlash, davlat sektori samaradorligini oshirish va iqlim o‘zgarishiga nisbatan barqarorlikni kuchaytirish uchun davlat boshqaruvi mexanizmlarini mustahkamlashni ko‘zda tutadi. Butun iqtisodiyot miqyosida tizimli iqlim choralarini ko‘rish uchun sharoit yaratadigan islohotlarni qo‘llab-quvvatlash bankning iqlimga yo‘naltirilgan moliyalashtirish siyosati (CPBF) doirasida amalga oshirilmoqda. Asosiy chora-tadbirlarga energetika sektori va davlat korxonalarida boshqaruv samaradorligi va shaffofligini oshirish, iqlimga yo‘naltirilgan davlat xaridlari standartlarini joriy etish, shuningdek, xususiy kapitalni jalb qilishga yordam beradigan ishonchli monitoring, hisobot va verifikatsiya tizimidan foydalangan holda uglerod kreditlari aylanishi uchun tushunarli va shaffof qoidalarni shakllantirish kiradi.

Dastur Jahon banki bilan hamkorlikda amalga oshirilmoqda va O‘zbekiston Respublikasining 2019–2030-yillarga mo‘ljallangan “yashil” iqtisodiyotga o‘tish strategiyasi hamda mamlakat majburiyatlari bilan to‘liq muvofiqlashtirilgan. Shuningdek, u toza energetikani rivojlantirish va resurslardan foydalanish samaradorligini oshirishga alohida e’tibor qaratiladigan “O‘zbekiston – 2030” strategiyasini amalga oshirishga ham hissa qo‘shadi. Moliyalashtirish OIIBning mavzuli ustuvor yo‘nalishlari – “yashil” infratuzilmani rivojlantirish va xususiy kapitalni safarbar etishga mos keladi. Bu iqlimga yo‘naltirilgan investitsiyalar va barqaror rivojlanish uchun zarur bo‘lgan tizimli islohotlarni qo‘llab-quvvatlashda bankning rolini kuchaytiradi.

– Dastur OIIBning O‘zbekistonda barqaror iqlimiy va iqtisodiy natijalarni ta’minlay oladigan islohotlarni qo‘llab-quvvatlashga sodiqligini aks ettiradi, – dedi OIIBning investitsiyalar bo‘yicha direktori (2-mintaqa) Konstantin Limitovskiy. – Asosiy iqlimiy islohotlarni ilgari surish orqali Dastur iqlimiy moliyalashtirishni kengaytirish va xususiy sektor ishtiroki uchun sharoit yaratadi. Biz O‘zbekiston hukumati bilan yaqin hamkorlikni davom ettirishga umid qilamiz.

Dastur doirasida qo‘llab-quvvatlanadigan islohotlar uzoq muddatli sezilarli ekologik va ijtimoiy samara berishi kutilmoqda. Resurslardan oqilona foydalanish, ekologik toza energetika yechimlarini joriy etish va iqlimga yo‘naltirilgan tartibga solishni takomillashtirish issiqxona gazlari chiqindilarini qisqartirishga, havo sifatini yaxshilashga va iqlim xatarlariga nisbatan barqarorlikni oshirishga olib kelishi kerak. Energosamarador texnologiyalardan foydalanish imkoniyatini kengaytirish, shuningdek, energiya xarajatlarini kamaytirish va ayniqsa, ijtimoiy himoyaga muhtoj guruhlar uchun turmush sharoitini yaxshilash imkonini beradi.

Osiyo infratuzilviy investitsiyalar banki – asosida barqaror rivojlanish yotadigan “kelajak infratuzilmasi”ni moliyalashtirishga qaratilgan ko‘p tomonlama bankdir. OIIB 111 ta ishtirokchi mamlakatni birlashtiradi. Bankning kapitallashuvi 100 milliard dollarni tashkil etadi. Bank yirik xalqaro kredit reyting agentliklarining AAA reytingiga ega. Hamkorlar bilan birgalikda OIIB mijozlarning ehtiyojlarini qondirib, yangi kapitalni yo‘naltiradi va ekologik toza, texnologik hamda mintaqaviy aloqalarni rivojlantirishga xizmat qiladigan infratuzilmaga sarmoya kiritadi.

Manba: O‘zbekiston Milliy axborot agentligi (O‘zA)

Bizga yozing

Iltimos, ariza shaklini to’ldiring va biz tez orada siz bilan bog’lanamiz.