20 Fev, 2026

O‘zbekistonda kripto-aktivlar aylanmasi sohasi

Ўзбекистонда крипто-активлар айланмаси. Рақамлар #крипто_активлар_айланмаси #статистика #2025_якунлари

Istiqbolli loyihalar milliy agentligi ma’lumotlariga ko‘ra, O‘zbekistonda 21 ta kripto-xizmatlar provayderi faoliyat ko‘rsatmoqda va kripto-platformalarda 661 mingdan ortiq fuqaro ro‘yxatga olingan.

O‘zbekistonda kripto-aktivlar aylanmasi sohasida 21 ta xizmat ko‘rsatuvchi provayder faoliyat yuritmoqda. Ulardan:

  • 12 tasi kripto-do‘kon;

  • 6 tasi kripto-depozitariy;

  • 3 tasi kripto-birja.

Kripto-sohada jami 207 ta ish o‘rni yaratilgan.

Xizmat ko‘rsatuvchi provayderlar tomonidan o‘tgan davr mobaynida jami 663 691 nafar mijoz ro‘yxatga olingan bo‘lib, ulardan 661 850 nafari O‘zbekiston Respublikasi rezidentlari va 1 841 nafari norezidentlardir.

2022-yildan 2025-yilgacha bo‘lgan davrda kripto-aktivlar aylanmasi sohasida faoliyat yurituvchi kompaniyalar tomonidan 107 milliard so‘mdan ortiq mablag‘ to‘langan. Shundan 79 milliard so‘mini davlat boji, 28 milliard so‘mini esa oylik yig‘imlar tashkil etgan.

Ikki emitent — Humo Digital (ta’minlangan token) va Lockton Hub tomonidan 21 milliondan ortiq token chiqarilgan: ulardan 16,97 millioni ta’minlangan, yana 4,1 millioni esa utilitar tokenlardir.

2025-yil iyul oyida Humo to‘lov tizimi O‘zbekiston davlat obligatsiyalari bilan ta’minlangan tokenni chiqarish bo‘yicha pilot loyiha ishga tushirilganini e’lon qildi. Yangi token Humo Digital sho‘ba korxonasi tomonidan emissiya qilinmoqda.

O‘tgan yili Istiqbolli loyihalar milliy agentligi (ILMA) tomonidan kripto-do‘kon ochish uchun uchta litsenziya berildi: Asterium, City Pay Gate va Crypto Magnat.

Kripto-bozor ishtirokchilariga qo‘yiladigan talablar

2024-yil dekabr oyida kripto-aktivlar bozori ishtirokchilariga litsenziya berish uchun davlat boji miqdorlari tasdiqlandi. Litsenziyaning har bir turi uchun quyidagi miqdorlarda to‘lov undiriladi:

  • Mayning-pul: 3 000 BHM (1,125 milliard so‘m);

  • Kripto-do‘kon: 3 700 BHM (1,3875 milliard so‘m);

  • Kripto-depozitariy: 7 000 BHM (2,625 milliard so‘m);

  • Kripto-birja: 73 400 BHM (27,525 milliard so‘m).

Agentlikning ta’kidlashicha, davlat bojining miqdori va to‘lash tartibi jahon tajribasi, shuningdek, xalqaro kompaniyalar va kripto-aktivlar sohasi ekspertlarining tavsiyalari asosida belgilangan. Shuningdek, bojlar miqdori firibgarlar uchun «to‘siq» vazifasini o‘tashi kutilmoqda.


Manba: O‘zbekiston Respublikasi Istiqbolli Loyihalar Milliy Agentligi

Bizga yozing

Iltimos, ariza shaklini to’ldiring va biz tez orada siz bilan bog’lanamiz.