Prezident Shavkat Mirziyoyev raisligida 30 dekabr kuni ma’muriy islohotlarni amalga oshirish, Hukumat tarkibi va ish tizimini o‘zgartirish masalalari, mamlakatni ijtimoiy-iqtisodiy rivojlantirish bo‘yicha 2023 yildagi eng muhim vazifalar yuzasidan yig‘ilish o‘tkazildi.
Yig‘ilish avvalida ma’muriy islohotlardan kelib chiqib, Prezident farmon va qarorlariga muvofiq, lavozimlarga yangi tayinlangan Bosh vazir o‘rinbosarlari va vazirlar e’lon qilindi. Ular mutasaddi bo‘lgan sohalardagi dolzarb masalalar, xalqimiz oldidagi mas’uliyat va javobgarligi ko‘rsatib o‘tildi.
Yil murakkab bo‘lganiga qaramay, iqtisodiyotda ijobiy natijalarga erishilgani qayd etildi. Xususan, joriy yilda yalpi ichki mahsulot hajmi 5 foizdan yuqori sur’atda oshgan. Eksport hajmi 14 foiz o‘sib, 19 milliard dollarni tashkil etgan. Iqtisodiyotga 8 milliard dollar to‘g‘ridan-to‘g‘ri xorijiy investitsiyalar kirib kelgan.
Ijtimoiy sohada aholi bandligini oshirish va turmush darajasini yaxshilash maqsadi ustuvor bo‘lib qolmoqda. Bu yil tariximizda ilk bor pensiya va ijtimoiy nafaqalar miqdori minimal iste’mol xarajatlaridan kam bo‘lmagan darajaga chiqdi. Mahallalar infratuzilmasini yaxshilash, aholini uzoq yillar qiynab kelgan masalalarni hal qilishga katta mablag‘lar yo‘naltirildi. 2 milliondan ortiq kam ta’minlangan oilalarga ijtimoiy yordam berilmoqda. Hududlarda ta’lim va tibbiyot maskanlari, ichimlik suvi tarmoqlari, yo‘llar qurilmoqda.
Yig‘ilishda kelgusi yilda ham iqtisodiyotning barqaror o‘sishini ta’minlash bo‘yicha vazifalar muhokama qilindi. Xususan, sanoatda 5 foizdan, qishloq xo‘jaligida 3 foizdan va xizmatlar sohasida 14 foizdan ziyod o‘sishga erishish maqsadi belgilandi.
Iqtisodiyot va moliya vazirligiga biznes uchun sharoitlarni yaxshilash hamda soliq bazasini kengaytirish, aholining xarid qobiliyatini oshirish bo‘yicha topshiriqlar berildi.
Investitsiyalar, sanoat va savdo vazirligiga yirik tarmoqlarda natijadorlikni oshirish, sanoat bormagan tumanlar salohiyatini o‘rganib, ularning “o‘sish nuqtalari”ni ishga solish vazifalari qo‘yildi. Iqtisodiyotni faqat investitsiya va eksport oldinga tortishi, kelgusi yil eksport hajmini 23 milliard dollardan oshirish zarurligi ta’kidlandi. Umumiy qiymati 8 milliard dollarlik 300 dan ziyod loyiha ishga tushirilishi va yana 40 ta yangi yirik loyiha boshlanishi qayd etildi.
Transport sohasida yo‘lovchi tashish xizmatlarini yaxshilash, barcha yo‘llarning raqamli xaritasini ishlab chiqish, yo‘llarda servisni ko‘paytirish choralari belgilandi.
Shuningdek, ta’lim sifatini oshirish, ilm-fan, turizm, madaniyat va sportni rivojlantirish masalalariga ham e’tibor qaratildi. Sog‘liqni saqlash va farmatsevtikada korrupsiyani yo‘q qilish, davlat qaramog‘iga muhtoj bemorlar bilan tizimli ishlash zarurligi ta’kidlandi.
– Vazirlar izlanishi, butun tizimi bilan amalda o‘zgarish qilishi kerak. Hammamiz oddiy va fidoyi bo‘lib, xalqni sevib, qattiq mehnat qilishimiz zarur. Pirovard maqsadimiz – xalqimizni rozi qilish, – dedi Prezident.
Tanqidiy ruhda o‘tgan yig‘ilishda joriy yilda yo‘l qo‘yilgan kamchiliklar ko‘rsatib o‘tilib, tegishli chora-tadbirlar belgilandi.
Manba: UZA