30 Apr, 2024

O‘zbekiston Yalpi ichki mahsuloti 2024-yilning I-choragida 6,2 foizga o‘sdi

2024- yilning yanvar-mart oylari yakunlariga ko‘ra, O‘zbekiston Respublikasi Yalpi ichki mahsuloti hajmi joriy narxlarda 242.701,6 mlrd. so‘mni tashkil etdi va 2023-yilning mos davri bilan taqqoslaganda 6,2% ga o‘sdi. YaIM deflyator indeksi 2023-yilning yanvar-martidagi narxlarga nisbatan 113,3% ni tashkil etdi.

Joriy davrda o‘rtacha almashuv kursi bo‘yicha hisoblangan nominal YaIM hajmi 19 455,6 mln. AQSH dollarini tashkil etdi.

2024-yilning yanvar-martida YaIM o‘sishiga qishloq, o‘rmon va baliqchilik xo‘jaligi tarmog‘i 0,4 f.p., sanoat tarmog‘i – 1,8 f.p., qurilish tarmog‘i – 0,4 f.p. va хizmat ko‘rsatish tarmog‘i – 3,4 f.p. ijobiy hissa qo‘shdi. Mahsulotlarga sof soliqlarning o‘sishi hisobiga YaIM 0,2 f.p. ga ko‘paydi.

Iqtisodiyotning barcha tarmoqlarida yaratilgan yalpi qo‘shilgan qiymat hajmi YAIM umumiy hajmining 96,7 % ini tashkil etdi va 6,3 % ga o‘sdi (YAIM mutlaq o‘sishiga ta’siri 6,0 foiz punktni tashkil etdi). Mahsulotlarga sof soliqlarning YAIM tarkibidagi ulushi 3,3 % ni tashkil etdi va 2023- yilning yanvar-marti bilan taqqoslaganda 3,6 % ga o‘sdi (YAIM mutlaq o‘sishiga ta’siri – 0,2 f.p.).

2024- yilning yanvar-mart oylari yakunlariga ko‘ra, YaIM tarkibida katta bo‘lmagan o‘zgarishlar kuzatildi. YAIM (YAQQ) tarkibida xizmatlar sohasining ulushi 53,5 % dan 54,0 % ga, sanoatning ulushi 28,2 % dan 29,2 % ga oshdi.

Shu bilan birga, qishloq, o‘rmon va baliqchilik xo‘jaligining ulushi 12,3 % dan 11,3 % ga hamda qurilish tarmog‘ining ulushi 6,0 % dan 5,5 % ga kamaydi.

2024-yilning yanvar-martida aholi jon boshiga hisoblangan YaIM hajmi joriy narxlarda 6.580,6 ming so‘mni (yoki 527,5 AQSH dollari ekvivalentida) tashkil etdi.

2024- yilning yanvar-mart oylari yakunlariga ko‘ra, qishloq, o‘rmon va baliqchilik xo‘jaligida 3,6 % (2023- yilning yanvar-martida – 3,1 %, 2022- yilning yanvar-martida – 2,7 %, 2021- yilning yanvar-martida – 3,0 %, 2020- yilning yanvar-martida – 3,1 %) darajasida ijobiy o‘sish qayd etildi.

Ushbu ijobiy o‘sish sur’atlari chorvachilik mahsulotlarini ishlab chiqarishning 3,6 % (2023- yilning yanvar-martida – 3,6 % , 2022- yilning yanvar-martida – 2,4 %, 2021- yilning yanvar-martida – 2,9 % , 2020- yilning yanvar-martida – 3,3 %)ga o‘sishi bilan bog‘liq.

Shu bilan birga, joriy davrda dehqonchilik mahsulotlarini yetishtirish esa 4,4 % (2023- yilning yanvar-martida – 2,3 % ga kamayish, 2022- yilning yanvar-martida – 8,5 % ga o‘sish, 2021- yilning yanvar-martida – 5,0 % ga o‘sish, 2020- yilning yanvar-martida – 2,5 % ga o‘sish)ga o‘sdi.

2024- yilning yanvar-mart oylari yakunlariga ko‘ra, sanoat tarmog‘i qo‘shilgan qiymatida 6,5 % ga o‘sish kuzatilgan.

Ushbu tarmoqdagi ijobiy dinamika, asosan tog‘-kon sanoati va ochiq konlarni ishlash tarmog‘ining qo‘shilgan qiymati 4,9 % ga, ishlab chiqaradigan (qayta ishlash) sanoatning 7,1 % ga, elektr, gaz, bug‘ bilan ta’minlash va havoni konditsiyalash tarmog‘ining 2,9 % ga hamda suv bilan ta’minlash, kanalizatsiya tizimi, chiqindilarni yig‘ish va utilizatsiya qilish tarmog‘ining 5,8 % ga ijobiy o‘sishi hisobiga ta’minlandi.

2023- yilning yanvar-mart oylari bilan taqqoslaganda 2024- yilning mos davrida qurilish ishlari hajmi 6,8 % ga o‘sdi. Jumladan, o‘sish sur’atlari bino va inshootlar qurilishida 106,8 % ni, fuqarolik obyektlari qurilishida 111,9 % ni tashkil etdi. 2023- yilning yanvar-marti bilan taqqoslaganda ixtisoslashtirilgan qurilish ishlari hajmining solishtirma narxlarda kamayishi kuzatildi va 98,7 % ni tashkil etdi.

2024- yilning yanvar-mart oylarida qurilish ishlari hajmi 31 058,8 mlrd. so‘mni tashkil etdi. Qurilish ishlarining umumiy hajmida yirik qurilish tashkilotlarining ulushi 23,0 %, kichik korxonalar va mikrofirmalarning ulushi 57,8 %, jismoniy shaxslarning ulushi 19,2 % ni tashkil etdi.

2024- yilning yanvar-mart oylari yakunlariga ko‘ra, xizmatlar sohasining yalpi qo‘shilgan qiymati hajmi 126 764,5 mlrd. so‘mni tashkil etdi va 2023- yilning mos davriga nisbatan 6,8 % ga o‘sdi. Shu jumladan, savdo xizmatlari 10,1 % ga, yashash va ovqatlanish bo‘yicha xizmatlar 10,9 % ga, tashish va saqlash xizmatlari 7,5 % ga, axborot va aloqa xizmatlari 18,6 % ga, boshqa xizmatlar 5,1 % ga o‘sdi.

2024- yilning yanvar-mart oylarida savdo tarmog‘ining yalpi qo‘shilgan qiymati tarkibida eng katta ulushi chakana savdo (avtotransport vositalari savdosidan tashqari)ga to‘g‘ri keldi va 64,1 % ni tashkil etdi. Ulgurji savdo (avtotransport vositalari savdosidan tashqari)ning ulushi 28,5 % ni, avtotransport vositalarining ulgurji va chakana savdosi hamda ularni ta’mirlashning ulushi 7,4 % ni tashkil qildi.

2024- yilning yanvar-mart oylari yakunlariga ko‘ra, tashish va saqlash tarmog‘ining O‘zbekiston Respublikasi YAIMidagi ulushi 6,8 % ni tashkil etdi.

Tashish va saqlash tarmog‘ining qo‘shilgan qiymati tarkibida eng ko‘p ulushi avtomobil transportiga to‘g‘ri keldi va 52,3 % ni tashkil etdi. Mazkur tarmoq umumiy qo‘shilgan qiymatida quvur transportining ulushi 16,3 %, temir yo‘l transportining ulushi 10,0 %, yordamchi transport faoliyatining ulushi 14,0 %, havo transportining ulushi 7,4 % ni tashkil etdi.

2024- yilning yanvar-mart oylarida axborot va aloqa tarmog‘ining mamlakat iqtisodiyotidagi ulushi 2,4 % ni tashkil etdi. Mazkur tarmoq yalpi qo‘shilgan qiymati tarkibida asosiy ulush aloqa xizmatlariga (simli va mobil aloqa xizmatlari, internet tarmog‘i va boshqalarga) to‘g‘ri keldi va 52,5 % ni tashkil etdi. Tarmoqda yaratilgan yalpi qo‘shilgan qiymatning qolgan 47,5 foizi axborot va aloqaning boshqa tarmoqlari (nashriyot faoliyati, kompyuter dasturlashtirish sohasidagi faoliyat, dasturlar yaratish bo‘yicha faoliyat, teleko‘rsatuv va radio-eshittirish v.b.) hissasiga to‘g‘ri keldi.

2024- yilning yanvar-mart oylarida axborot-kommunikatsiya texnologiyalari (AKT) xizmatlarining mamlakat iqtisodiyotidagi ulushi 2,2 % ni tashkil etdi.

Tarmoqda yaratilgan yalpi qo‘shilgan qiymat hajmining 56,7 foizi aloqa xizmatlari, 24,9 foizi kompyuter dasturlashtirish, maslahat berish va boshqa yordamchi xizmatlar, 9,8 foizi ma’lumotlarni joylashtirish va ishlov berish bo‘yicha xizmatlar, Web-portallar, 4,7 foizi dasturiy ta’minotni chiqarish, qolgan 3,9 foizi kompyuterlar va aloqa uskunalarini ta’mirlash xizmatlari hissasiga to‘g‘ri kelgan.

2024- yilning yanvar-mart oylari yakunlari bo‘yicha kichik tadbirkorlik (biznes) subyektlari tomonidan 100 279,7 mlrd. so‘m miqdorida qo‘shilgan qiymat yoki iqtisodiyotdagi yalpi qo‘shilgan qiymatning 42,7 % i yaratilgan. Shundan 25,3 % i qishloq, o‘rmon va baliqchilik xo‘jaligi, 13,0 % i sanoat, 10,3 % i qurilish tarmoqlari va 51,4 % i xizmatlar sohasiga to‘g‘ri keldi.

Kichik tadbirkorlik (biznes) subyektlari ulushi iqtisodiyotning asosiy tarmoqlari bo‘yicha qishloq, o‘rmon va baliqchilik xo‘jaligida 96,1 %, qurilishda 79,3 %, xizmatlar sohasida 40,6 % va sanoatda 19,1 % ni tashkil etdi.

 

Manba: O’zbekiston Respublikasi Prezidenti huzuridagi Statistika Agentligi 

Bizga yozing

Iltimos, ariza shaklini to’ldiring va biz tez orada siz bilan bog’lanamiz.