O’zbekiston Respublikasi Prezidenti huzuridagi Statistika agentligining dastlabki ma’lumotlariga ko’ra 2024 yilning 6 oyida O’zbekiston Respublikasining Yalpi ichki mahsuloti (YaIM) joriy narxlarda 567.364, 3 milliard so’mni tashkil etdi va 2023 yilning yanvar-iyun oylariga nisbatan real ko’rinishda 6,4 foizga o’sdi.
YaIM deflyator indeksi 2023- yilning yanvar-iyunidagi narxlarga nisbatan 112,5%ni tashkil etdi.
Ma’lumot uchun:
2024- yilning yanvar-iyunida AQSH dollarining so‘mga nisbatan o‘rtacha rasmiy kursi 12.567,0 so‘m,
2023- yilning yanvar-iyunida 11.388,7 so‘m,
2022- yilning yanvar-iyunida 11.046,9 so‘m,
2021- yilning yanvar-iyunida 10.524,5 so‘m,
2020- yilning yanvar-iyunida 9.790,2 so‘mga teng bo‘lgan.
Joriy davrda o‘rtacha almashuv kursi bo‘yicha hisoblangan nominal YaIM hajmi 45.147,2 mln. AQSH dollarini tashkil etdi.
2024-yilning yanvar-iyunida YaIM o‘sishiga qishloq, o‘rmon va baliqchilik xo‘jaligi tarmog‘i 0,7 f.p., sanoat tarmog‘i – 2,0 f.p., qurilish tarmog‘i – 0,6 f.p. va хizmat ko‘rsatish tarmog‘i – 2,8 f.p. ijobiy hissa qo‘shdi. Mahsulotlarga sof soliqlarning o‘sishi hisobiga YaIM 0,3 f.p. ga ko‘paydi.
Iqtisodiyotning barcha tarmoqlarida yaratilgan yalpi qo‘shilgan qiymat hajmi YAIM umumiy hajmining 95,8 % ini tashkil etdi va 6,5 % ga o‘sdi (YaIM mutlaq o‘sishiga ta’siri 6,1 foiz punktni tashkil etdi). Mahsulotlarga sof soliqlarning YaIM tarkibidagi ulushi 4,2 % ni tashkil etdi va 2023- yilning yanvar-iyuni bilan taqqoslaganda 4,8 % ga o‘sdi (YaIM mutlaq o‘sishiga ta’siri – 0,3 f.p.).
2024- yilning yanvar-iyun oylari yakunlariga ko‘ra, YaIM tarkibida katta bo‘lmagan o‘zgarishlar kuzatildi. YaIM (YaQQ) tarkibida xizmatlar sohasining ulushi 47,0 % dan 47,9 % ga, sanoatning ulushi 26,5 % dan 27,8 % ga oshdi.
Shu bilan birga, qishloq, o‘rmon va baliqchilik xo‘jaligining ulushi 20,1 % dan 18,2 % ga hamda qurilish tarmog‘ining ulushi 6,4 % dan 6,1 % ga kamaydi.
2024- yilning yanvar-iyunida aholi jon boshiga hisoblangan YaIM hajmi joriy narxlarda 15.347,9 ming so‘mni (yoki 1.221,3 AQSH dollari ekvivalentida) tashkil etdi.