12 Iyn, 2023

“S&P” xalqaro reyting agentligi O‘zbekiston suveren kredit reytingini “BB-” darajasida o‘zgarishsiz qoldirdi

Joriy yilning 5-iyun kunida e’lon qilingan “S&P” xalqaro reyting agentligining O‘zbekiston Respublikasi suveren kredit reytingiga bag‘ishlangan navbatdagi hisobotida respublika reyting bahosi “BB-” (barqaror kutilma) darajada o‘zgarishsiz qolganligi qayd etilgan.

“S&P” xalqaro reyting agentligi O‘zbekistonning suveren kredit reytingini yilda ikki marta qayta baholaydi va baholash jarayonida vazirlik va idoralar bilan respublikadagi makroiqtisodiy holat va amalga oshirilayotgan islohotlar bo‘yicha batafsil muhokama qiladi.

2023-yil boshidan agentlik tomonidan 9 ta mamlakatning reyting bahosi yoki reyting kutilmasi pasaytirilgan. 

Hisobotga ko‘ra, O‘zbekiston kredit reytingi bo‘yicha “barqaror” kutilmaning saqlab qolinishi nisbatan mustahkam fiskal va tashqi zaxiralarining mavjudligi tufayli respublika iqtisodiyoti kelgusi 12 oy davomida tashqi shoklar hamda global iqtisodiyot sekinlashishining qo‘shimcha salbiy ta’sirlarini kamaytirish imkoniyatiga egaligini aks ettiradi.

Agentlik hisob-kitoblariga ko‘ra, 2023-yilda hukumat likvid aktivlari yalpi ichki mahsulotga (YaIM) nisbatan 18,5 foizni, foydalaniladigan xalqaro zaxiralar YaIMga nisbatan 30,4 foizni tashkil etishi kutilmoqda.

Shu bilan birga, mamlakatning sof tashqi kreditor pozisiyasi va sof davlat qarzi yukining mo‘’tadilligi respublika kredit reytingini qo‘llab-quvvatlovchi omillar sifatida keltirilgan.

Hisobotda tashqi shoklarning ta’siriga qaramay O‘zbekiston islohotlar dasturini amalga oshirishda davom etayogani va iqtisodiy o‘sish sur’atlari barqaror darajada saqlanib qolayotgani qayd etilgan. 

Agentlikning prognoziga ko‘ra, 2023-2026-yillarda investitsiya va iqtisodiy (shuningdek, davlat korxonalari sektori) islohotlar hisobiga yalpi ichki mahsulotning real o‘sishi o‘rtacha 5,4 foizni tashkil etishi kutilmoqda. Xususan, tashqi savdo va iqtisodiyotning iste’mol darajasi iqtisodiy o‘sishning asosiy drayveri bo‘lib xizmat qilishi hamda xususiy sektorni rivojlantirish va biznes muhitni yaxshilash bo‘yicha sa’y-harakatlar o‘sishni qo‘llab-quvvatlashi va tashqi shoklar ta’sirini kamaytirishi keltirilgan.

Aholi jon boshiga yalpi ichki mahsulot hajmi 2023-yilda 2 400 AQSh dollarini tashkil etishi prognoz qilingan.

“S&P” xalqaro reyting agentligi 2017-yildan buyon hukumat islohotlar va iqtisodiy modernizatsiya bo‘yicha o‘z oldiga qo‘ygan maqsadlarida sezilarli ravishda ildamlaganini qayd etgan.

Bunda, xususiylashtirish (shuningdek, qishloq xo‘jaligi va qishloq xo‘jaligiga oid bo‘lmagan yerlarni xususiylashtirish) to‘g‘risidagi yangi qonunning qabul qilingani, iqtisodiy va fiskal ma’lumotlar ochiqligining yaxshilangani, savdo va valyuta kursi liberalizatsiyasi, paxta uchun davlat buyurtmalarini bekor qilingani, bug‘doy narxi liberalizatsiyasi, xususiy mulk tushunchasi kengaytirilgani agentlik tomonidan alohida e’tirof etilib, elektr energiya va gaz tariflarini yanada kengroq isloh qilinishi kutilayotgani ta’kidlangan. 

Hisobotda “Davlat qarzi to‘g‘risida”gi qonunda davlat qarzining YaIMga nisbatan 60 foizlik yuqori chegarasi, yangi jalb qilinadigan davlat qarziga yillik limitlar hamda davlat-xususiy sheriklik loyihalariga limitlarning belgilanishi e’tirof etilgan. Shuningdek, hozirda davlat qarzi mo‘’tadil darajada ekanligi, ichki manbalardan moliyalashtirish oshgani va davlat qimmatli qog‘ozlari bozorini rivojlantirishda amalga oshirilayotgan islohotlar keltirilgan.

Shu bilan birga, O‘zbekistonning monetar siyosati samaradorligi keyingi yillarda rivojlanish tendensiyasida ekanligi va bu boradagi eng muhim islohotlardan biri sifatida valyuta kursi liberalizasiyasi e’tirof etilgan.

“S&P” reyting agentligi hisobotida keltirilishicha, O‘zbekistonning global iqtisodiyotga integratsiyalashuvi va iqtisodiy islohotlar natijasida iqtisodiy o‘sish salohiyatining yaxshilanishi va eksport tushumlarining diversifikatsiyasi hamda budjet daromadlarining oshishi respublika kredit reytingini oshiruvchi omil bo‘lishi mumkin.

Respublika kredit reytingini pasaytiruvchi omillar sifatida quyidagilar qayd etilgan:

– tashqi shoklarning salbiy ta’siri natijasida agentlik kutilmalariga nisbatan O‘zbekistonning fiskal va tashqi zaxiralari zaiflashsa;

– davlat va moliya sektori tashqi qarzlarining o‘sish sur’ati agentlik kutilmalariga nisbatan keskin oshsa;

– yirik davlat korxonalari moliyaviy holatining zaiflashuvi natijasida davlat shartli majburiyatlari amalga oshsa (ya’ni, hukumat davlat korxonalarining qarzlarini to‘lashni boshlasa).

 

Manba: O‘zbekiston Respublikasi Iqtisodiyot va moliya vazirligi

Bizga yozing

Iltimos, ariza shaklini to’ldiring va biz tez orada siz bilan bog’lanamiz.