29 Dek, 2022

Soliq siyosatining 2023 yildagi asosiy yo‘nalishlari belgilanmoqda

O’bekiston Respublikasi Oliy Majlis Qonunchilik palatasining navbatdagi majlisida “Soliq va budjet siyosatining 2023 yilga mo‘ljallangan asosiy yo‘nalishlari qabul qilinganligi munosabati bilan O‘zbekiston Respublikasining ayrim qonun hujjatlariga o‘zgartish va qo‘shimchalar kiritish to‘g‘risida”gi qonun loyihasi ham ko‘rib chiqildi.

Ta’kidlanganidek, keyingi yillarda mamlakatimizda tadbirkorlikni qo‘llab-quvvatlash hamda ularga teng raqobat sharoitlarni yaratish maqsadida soliq yukini pasaytirish va soliq qonunchiligini yanada takomillashtirish bo‘yicha tizimli ishlar amalga oshirilmoqda.

Mazkur qonun loyihasida 2023 yil uchun soliq siyosatining asosiy yo‘nalishlarida qo‘shilgan qiymat solig‘i bo‘yicha soliq stavkasi pasaytirilishi, aylanmadan olinadigan soliq bo‘yicha soliq stavkalarini unifikatsiya qilinishi, mutlaq summalarda belgilangan soliq stavkalarining kutilayotgan inflyatsiya darajasidan kelib chiqib indeksatsiya qilinishi nazarda tutilmoqda.

Xususan, 2023 yil uchun belgilangan soliq siyosatida asosiy soliq stavkalari foyda solig‘ining bazaviy stavkasi 15 foiz, jismoniy shaxslardan olinadigan daromad solig‘i 12 foiz, yuridik shaxslarning mol-mulkiga solinadigan soliq stavkasi 1,5 foiz miqdorida o‘zgarishsiz qoldirilyapti.

Shuningdek, tamaki, alkogol va neft mahsulotlari bo‘yicha aksiz solig‘i, yakka tartibdagi tadbirkorlar uchun qat’iy belgilangan miqdorlardagi soliq, yer va mol-mulk solig‘i, suv resurslaridan foydalanganlik uchun soliq stavkalari inflyatsiya darajasidan kelib chiqib qariyib 10 foizga indeksatsiya qilinmoqda.

Majlisda qayd etilganidek, qonun loyihasida Prezidentimiz tomonidan tadbirkorlar bilan bo‘lib o‘tgan “Ochiq muloqot” doirasida berilgan topshiriqlariga asosan biznes uchun qo‘shimcha yengilliklar berilmoqda. Ya’ni, qo‘shilgan qiymat solig‘i (QQS) stavkasi 15 foizdan 12 foizgacha, jami daromadi ilk marta 1 mlrd. so‘mdan oshgan tadbirkorlik subyektlari uchun 1 yil, jami daromadi ilk marta 10 mlrd. so‘mdan oshgan tadbirkorlik subyektlari uchun esa 2 yil davomida foyda solig‘i stavkasi 2 baravarga pasaytirilmoqda.

Shu bilan birga, barcha toifadagi soliq to‘lovchilar uchun aylanmadan olinadigan soliq stavkalari unifikatsiya qilinib, yagona 4 foizlik soliq stavkasi belgilanyapti. Bunda, pasaytirilgan soliq stavkalari saqlab qolinadi. Qolaversa, aylanmadan olinadigan soliqning qat’iy belgilangan summadagi stavkasi joriy etilmoqda. Ya’ni, tadbirkor soliq organlariga majburiy tartibda moliyaviy hisobotlarni taqdim etmaydi va dividend tarzidagi daromadlaridan soliq to‘lamaydi.

Bundan tashqari, loyihada aholi va tadbirkorlik subyektlariga qo‘shimcha yengilliklar yaratish maqsadida jismoniy shaxslar o‘z daromadlarini ipoteka kreditlarini qoplashga yo‘naltirganda soliqqa tortilmaydigan daromadlar miqdorini amaldagi 15 mln. so‘mdan 73,6 mln. so‘mgacha oshiriladi. Bunda, uy-joyning qiymatiga qo‘yilgan talab bekor qilinmoqda.

Qonun loyihasi bilan o‘rta biznesni rivojlantirish maqsadida ularga soliq majburiyatlarini 6 oyga foizsiz bo‘lib-bo‘lib to‘lash huquqi ham berilmoqda. Shuningdek, soliq qarzini mol-mulk hisobidan undirishga qaratishning belgilangan muddati 60 kungacha uzaytirilmoqda.

Deputatlarning ta’kidlashicha, qonun loyihasining qabul qilinishi mamlakatimizda tadbirkorlik muhitining yanada yaxshilanishiga, biznes-yuritish shart-sharoitlarni yaxshilashga hamda aholining farovon yashashiga xizmat qiladi.

Qizg‘in bahs-munozara va savol-javoblardan so‘ng qonun loyihasi deputatlar tomonidan qabul qilindi.

 

Manba: https://parliament.gov.uz/uz/events/chamber/41055/

Bizga yozing

Iltimos, ariza shaklini to’ldiring va biz tez orada siz bilan bog’lanamiz.