“Investisiyaviy va infratuzilmaviy loyihalarning loyihaoldi, davlat xaridiga doir tender bo‘yicha xarid qilish hujjatlari va texnik topshiriqlar hamda shartnomalarni ekspertizadan o‘tkazish tartibini yanada takomillashtirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi Prezident qarori (PQ–332-son, 25.07.2022 y.) qabul qilindi.
Qarorga muvofiq, davlat xaridiga doir tender xarid hujjatlarini, texnik topshiriqlarni hamda shartnomalar loyihalarini ekspertizadan o‘tkazish uchun to‘lovlar xarid predmeti narxining QQSni inobatga olmagan holda 0,1 foizi miqdorida, BHMning 100 baravaridan ortiq bo‘lmagan miqdorda hisoblanib, ushbu miqdorga QQS alohida qo‘shilgan holda undiriladi.
Loyihalarning texnik-iqtisodiy asoslanishini kompleks ekspertizadan o‘tkazganlik uchun to‘lovlar QQSni hisobga olmagan holda loyiha umumiy summasining 0,03 foizi miqdorida, biroq ekvivalenti 4 ming AQSh dollaridan kam bo‘lmagan va 50 ming AQSh dollaridan ko‘p bo‘lmagan miqdorda hisoblanib, ushbu miqdorga QQS alohida qo‘shilgan holda undiriladi.
Loyihalarning texnik-iqtisodiy hisob-kitoblarini kompleks ekspertizadan o‘tkazganlik uchun loyihalarning texnik-iqtisodiy asoslanishini kompleks ekspertizadan o‘tkazganlik uchun belgilangan summaning 50 foizi miqdorida haq undiriladi.
Ekspertizalar 100 foizlik oldindan haq to‘lash sharti bilan o‘tkaziladi.
Qaror bilan quyidagilarni tartibga soluvchi nizomlar tasdiqlandi:
- investisiyaviy va infratuzilmaviy loyihalarning loyihaoldi hujjatlarini ishlab chiqish, kompleks ekspertizadan o‘tkazish va tasdiqlash;
- davlat xaridiga doir tender bo‘yicha xarid qilish hujjatlarini va texnik topshiriqlarni kompleks ekspertizadan o‘tkazish;
- shartnomalar, import kontraktlari va ularga qo‘shimcha kelishuvlar loyihalarini ekspertizadan o‘tkazish va ro‘yxatga olish tartibi;
- loyihalarning texnik-iqtisodiy asosi va texnik-iqtisodiy hisob-kitobini, davlat xaridiga doir tender bo‘yicha xarid hujjatlari va texnik topshiriqlarni kompleks ekspertizadan o‘tkazish xizmati qiymatini aniqlash tartibi.