Joriy yilning 4 mart kuni Investisiyalar, sanoat va savdo vaziri Laziz Kudratov O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Sh.M.Mirziyoyev o‘tgan yilning iyul oyida Saudiya Arabistoniga tashrifi chog‘ida taklif qilgan tashabbusi bilan Toshkent shahrida o‘tkazilgan Arab muvofiqlashtirish guruhining (AMG) davra suhbatida ishtirok etdi. Tadbirning asosiy maqsadi – AMGga kiritilgan tashkilotlar ishtirokida joriy qo‘shma loyihalarni amalga oshirish jarayonini ko‘rib chiqish va iqtisodiyotning ustuvor tarmoqlarida yangi istiqbolli tashabbuslarni aniqlash.
Tadbirda, shuningdek, Xalqaro Islom savdo va moliya korporatsiyasi, Islom taraqqiyot banki, Saudiya taraqqiyot jamg‘armasi, Qatar taraqqiyot jamg‘armasi, Abu-Dabi taraqqiyot jamg‘armasi, Quvayt iqtisodiy taraqqiyot jamg‘armasi, OPEK Xalqaro taraqqiyot jamg‘armasi, shuningdek, O‘zbekiston vazirliklari va idoralari rahbarlari ishtirok etdilar.
O‘zbekiston Respublikasi investisiyalar, sanoat va savdo vaziri Laziz Kudratov ining qutlov so‘zida O‘zbekistonning ijtimoiy-iqtisodiy rivojlanishini qo‘llab-quvvatlashga qo‘shgan hissasi uchun AMGga minnatdorlik bildirdi. Xususan, bugungi kunga qadar 40 dan ortiq loyiha amalga oshirilgan bo‘lsa, 21 ta loyiha amalga oshirilmoqda, 8 tasi ishlab chiqilmoqda. Toshkentda AMG davra suhbatlari avvalroq – 2014 va 2018 yillarda o‘tkazilgan bo‘lib, bu o‘zaro hamkorlikni kengaytirish va mamlakatning eng muhim loyihalarini amalga oshirishga xizmat qildi.
Tadbirning ikkinchi sessiyasida vazirlik va idoralar tomonidan transport, logistika, turizm, suv ta’minoti, sog‘liqni saqlash, ta’lim, kichik va o‘rta biznes loyihalarini qo‘llab-quvvatlash sohalarida 20 ta yangi istiqbolli loyihalar taqdim etildi.
Arab muvofiqlashtirish guruhi delegatsiyasi vakillari – AMG tarkibiga kiruvchi tuzilmalar rahbarlari, o‘z navbatida, loyihalarning yuqori darajada ishlab chiqilishi, ularning mamlakat sanoatini modernizatsiya qilish va infratuzilmani rivojlantirishdagi muhim rolini ta’kidladilar va ularni ekspert darajasida batafsil o‘rganish va keyinchalik amalga oshirishda hamkorlikka tayyor ekanliklarini bildirdilar.
Davra suhbati kun tartibiga muvofiq, BMTning Orolbo‘yi mintaqasi uchun Inson xavfsizligi bo‘yicha Ko‘p tomonlama sheriklik trast jamg‘armasi tomonidan Orolbo‘yi mintaqasi aholisining turmush sharoitini yaxshilash bo‘yicha O‘zbekistonda amalga oshirilayotgan loyihalar va aholining yashash sharoitlarini yaxshilash uchun resurslarni safarbar etishning qo‘shimcha imkoniyatlari ko‘rib chiqildi. Shuningdek, ijtimoiy ahamiyatga ega tashabbuslarni amalga oshirish va atrof-muhitga ijobiy ta’sir ko‘rsatish masalalari muhokama qilindi. AMG delegatsiyasi dolzarb ekologik muammolarni hal qilish va mahalliy hamjamiyatlar manfaati uchun barqaror rivojlanishni qo‘llab-quvvatlashga sodiqligini bildirdi.
Shuningdek, uchrashuv doirasida, AMG delegatsiyasiga joriy yilning 2-3 may kunlari bo‘lib o‘tadigan Toshkent xalqaro investisiya forumi va joriy yilning sentyabr oyida Samarqand shahrida bo‘lib o‘tadigan AIIB yillik yig‘ilishida ishtirok etish taklif qilindi.
Uchrashuv yakuni bo‘yicha tomonlar istiqbolli loyihalar ro‘yxati va ularni muvaffaqiyatli amalga oshirish doirasida kelgusidagi hamkorlikning aniq mexanizmini o‘z ichiga olgan Davra suhbatining Yakuniy bayonnomasini imzoladilar.
Manba: O‘zbekiston Respublikasi investitsiyalar, sanoat va savdo vazirligi