O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Sh.M.Mirziyoyev “O‘zbekiston Respublikasining 2024-yilgi Davlat byudjeti to‘g‘risida”gi qonunni imzoladi. Qonunga ko‘ra, 2024-yilda Yalpi Ichki Mahsulotning (YaIM) o‘sish sur’atlari 5,6 – 5,8 foiz, 2025-2026-yillarda esa mos ravishda 6,2 va 6,4 foiz bo‘lishi kutilmoqda. Sanoatning o‘sish sur’ati 6 foiz, xizmat ko‘rsatish sohasi – 6,1 foiz, qishloq xo‘jaligi – 4 foizni tashkil etishi ko’zda tutilgan. 2024-yilda inflyatsiya 8 – 10 foiz, 2025-yilda: 7,5 – 8,5 foiz, 2026-yilda: 5 – 7 foiz boʻlishi kutilmoqda.
Qonun 52,6 trillion so‘m defitsit bilan konsolidatsiyalangan byudjetni shakllantirdi yoki Yalpi ichki mahsulotga nisbatan 4 foizni tashkil etib, 2024-yilda jamlanma byudjet daromadlari 375 trillion so’mni, xarajatlari esa 427,6 trillion so’mni tashkil etadi.
2024 yilda O’zbekiston qarz orqali ko’proq kredit jalb qilishi mumkin. Cheklov 5 milliard dollar darajasida belgilanib — byudjetni qo’llab-quvvatlash va investitsiya loyihalari uchun 2,5 milliard dollardan aniqlangan. Davlat qarzi portfelini diversifikatsiya qilish va valyuta xatarlarini kamaytirish uchun O’zbekiston nomidan chiqarilgan davlat qimmatli qog’ozlarining cheklangan sof hajmi 25 trillion so’m etib belgilangan (2023 yilda 17 trillion so’m).
Byudjet xarajatlarining ijtimoiy yo‘nalishi saqlanib qoladi. Kelgusi yilda davlat byudjeti jami xarajatlarining qariyb 50 foizi (151,5 trillion so‘m) ta’lim, sog‘liqni saqlash, aholini ijtimoiy muhofaza qilish, fan, madaniyat va sportni rivojlantirish, ehtiyojmandlarni uy-joy bilan ta’minlash va boshqa ijtimoiy tadbirlarga yo‘naltiriladi.
Qonun loyihasi O‘zbekiston Respublikasi Iqtisodiyot va moliya vazirligi tomonidan 1-noyabrda Oliy Majlisga taqdim etilgan, Qonunchilik palatasi tomonidan 21-noyabrda va O‘zbekiston Respublikasi Senati tomonidan joriy yil 20-dekabrda ma’qullangan.
Qonun 2024 yil 1-yanvardan e’tiboran kuchga kiradi.