Strategik rivojlanish agentligi rahbari o‘rinbosari Aleksey Sim 2021-yil uchun investitsiyalar statistikasini taqdim etdi. Suhbatdosh bu ma’lumotlarni Economic Review nashriga bergan intervyusida aytib o’tdi.
O‘tgan yil yakunlariga ko‘ra, O‘zbekistonda 11,1 milliard dollar xorijiy investitsiyalar o‘zlashtirildi – bu yillik prognozning 113 foizini tashkil etadi. Asosiy kapitalga yo‘naltirilgan investitsiyalar 9,8 milliard dollarni tashkil etib, 2020 yil ko‘rsatkichlariga nisbatan 110 foiz o‘sish sur’atini ko‘rsatdi.
9 milliard dollarlik toʻgʻridan-toʻgʻri xorijiy investitsiyalar va kreditlar oʻzlashtirildi, bu prognozga nisbatan 117 foizni tashkil etadi. Bu yerda asosiy kapitalga yo‘naltirilgan investitsiyalar 2020-yilga nisbatan 124 foizga o‘sib, 8,2 milliard dollarga yetdi.
Xalqaro moliya institutlari va xorijiy davlat moliya tashkilotlari tomonidan mamlakatimizga 2,1 milliard dollar ajratildi, bu esa yillik prognoz 100 foizga bajarilganini anglatadi.
To‘g‘ridan-to‘g‘ri xorijiy investitsiyalar va kreditlar hisobidan sanoat korxonalari tomonidan 3,8 milliard dollar (prognozga nisbatan 103 foiz) o‘zlashtirildi. Hududiy loyihalar bo‘yicha bu ko‘rsatkich 5,2 milliard dollarga yetdi yoki prognozning 130 foizini tashkil etdi.
Investitsiyalar hajmi boʻyicha yetakchi tarmoqlar energetika, metallurgiya, kimyo sanoati, elektrotexnika, axborot texnologiyalari, qurilish, farmatsevtika, yengil sanoat, qishloq xoʻjaligi va boshqalardir.
O‘zbekiston iqtisodiyotiga jami 50 dan ortiq davlat sarmoya kiritadi. Eng sarmoyador davlatlar beshligiga quyidagilar kiradi:
- Xitoy — 2,2 milliard dollar;
- Rossiya — 2,1 milliard dollar;
- Turkiya — 1,18 milliard dollar;
- Germaniya — 800,7 million dollar;
- Janubiy Koreya – 137,4 million dollar