O‘zbekiston Respublikasi Davlat statistika qo’mitasining ma’lumotlariga ko’ra 2022- yilning yanvar-oktabr oylari yakuni bilan O‘zbekiston Respublikasining tashqi savdo aylanmasi (matnda TSA) 40.098,7 mln. AQSH dollarini tashkil etib, 2021- yilga nisbatan 7.280,1 mln. AQSH dollariga yoki 22,2% ga koʻpaydi.
TSAda eksport hajmi 15.483,1 mln. AQSH dollariga (23,8% ga ko‘paydi) va import hajmi 24.615,6 mln. AQSH dollariga (21,2% ga koʻpaydi) yetdi.
Hisobot davrida – 9.132,6 mln. AQSH dollari qiymatida passiv tashqi savdo balansi qayd etildi.
Tashqi savdo aylanmasining eng katta hajmi 2021- yil fevral oyida qayd etilib, 5.233,2 mln. AQSH dollarini tashkil etdi. 2021- yilning shu oyiga nisbatan 2.846,2 mln. AQSH dollariga koʻpaydi.
2022- yil oktabr oyida tashqi savdo aylanmasi hajmi 4.074,1 mln. AQSH dollarini tashkil etdi va 2021- yilning shu davriga nisbatan 9,4 foizga kamaydi.
Tashqi iqtisodiy faoliyat boʻyicha 20 ta yirik hamkor-davlatlar orasidan uchta davlatda faol tashqi savdo balansi kuzatilgan, xususan, Afgʻoniston, Qirgʻiz Respublikasi va Tojikiston shular jumlasidandir. Qolgan 17 ta davlatlar bilan passiv tashqi savdo balansi saqlanib qolmoqda.
Oʻzbekiston Respublikasi jahonning 195 mamlakati bilan savdo aloqalarini amalga oshirib kelmoqda. TSAning nisbatan salmoqli hissasi XXRda (18,7%), Rossiya Federatsiyasida (18,6%), Qozogʻistonda (9,3%), Turkiyada (6,7%), Koreya Respublikasida (4,9%), Qirgʻiz Respublikasi (2,5%) va Germaniyada (2,2%) qayd etilgan.
2022- yilning yanvar-oktabr oylarida, Oʻzbekiston Respublikasi tashqi savdo aylanmasining uchdan bir qismi yoki 39,6foizi MDH davlatlariga toʻgʻri kelib, tashqi savdo aylanmasidagi 2021- yilning mos davriga nisbatan ulushi 1,5% ga ko‘paygan.
Boshqa xorijiy davlatlarning TSA 2022- yilning yanvar-oktabr oylarida 2021- yilning mos davriga nisbatan 1,5% ga kamaydi va jami TSAdagi ulushi 60,4% ni tashkil etdi.
OʻZBEKISTON RESPUBLIKASI EKSPORTI (2022- yil yanvar-sentabr)
Joriy yilning yanvar-oktabr oylarida mamlakatning eksportyorlari soni 6.586 tani tashkil etib, ular tomonidan 12.512,2 mln. AQSH dollari (oltindan tashqari) qiymatidagi (2021- yilning mos davriga nisbatan 123,3% ga koʻpaydi) tovar va xizmatlar eksport qilinishi taʼminlandi.
Eksport tarkibida tovarlar ulushi 78,8 foizni tashkil etib, ular sanoat tovarlari (23,9%), oziq-ovqat mahsulotlari va tirik hayvonlar (8,2%) va kimyoviy vositalar va shunga o‘xshash mahsulotlar (7,1%) hissasiga toʻgʻri kelmoqda.
Oziq-ovqat mahsulotlarining asosiy qismi boʻlgan 903,3 mln. AQSH dollari qiymatidagi 1.425,3 ming tonnadan ziyod meva-sabzavot eksport qilindi. Bunda 2021- yilning mos davriga nisbatan 20,9 foizga ko‘paydi.
2022- yil yanvar-oktabr oylarida meva-sabzavot mahsulotlari jami eksportning 5,8 foizini tashkil etdi.
Meva-sabzavot mahsu-lotlarining asosiy eksport bozorlari Rossiya Federatsiyasi, Qozogʻiston, XXR hamda Pokiston davlatlari hissasiga toʻgʻri kelgan.
2022- yil yanvar-oktabr oylarida meva va sabzavotlar eksportining qiymat jihatidan eng katta hajmi Rossiya Federatsiyasiga to‘g‘ri keldi (meva va sabzavotlar eksporti umumiy hajmining 44,5%i), bu Qozog‘istonga eksport hajmidan 2,2 baravar ko‘p.
Joriy yil yanvar-oktabr oyi yakuni bo‘yicha 2.635,2 mln. AQSH dollarilik toʻqimachilik mahsulotlari eksporti amalga oshirilib, umumiy eksportning 17,0 foizini tashkil etdi va oʻtgan yilga nisbatan 10,7 foizga oʻsdi.
Yil boshidan 532 turdagi toʻqimachilik mahsulotlari dunyoning 69 tа davlatiga eksport qilindi. Eksport qilingan toʻqimachilik mahsulotlari tarkibida paxtadan yigirilgan ip (46,6%), tayyor trikotaj va tikuvchilik kiyimlari (27,2%) asosiy ulushni egallagan.
Xizmatlar eksporti hajmi 3.276,8 mln. AQSH dollarini yoki jami eksport hajmining 21,2 foizini tashkil etib, 2021- yilning mos davriga nisbatan 55,8 foizga koʻpaydi. Xizmatlar eksporti tarkibining asosiy ulushi transport (44,9%), safarlar (turizm) (39,9%), telekommunikatsiya, kompyuter va axborot (6,9%) va boshqa tadbirkorlik bilan bog‘liq xizmatlar (4,2%) hissasiga toʻgʻri kelgan.
Shu bilan birga, boshqa xizmatlar (4,1%)ni tashkil etib, tarkibida eng yuqori ulushlar moliyaviy xizmatlar (1,8%), sugʻurta va pensiya taʼminoti xizmatlari (1,4%) hamda texnik xizmat ko‘rsatish va ta’mirlash xizmatlari (0,3%) hissasiga toʻgʻri keldi.
OʻZBEKISTON RESPUBLIKASINING IMPORTI (2022- yil yanvar-oktabr)
2022- yilning yanvar-oktabr oylarida import hajmi 24.615,6 mln. AQSH dollarini va 2021- yilning mos davriga nisbatan 121,2 foizni tashkil etdi. Import tarkibida eng katta ulush, mashinalar va transport asbob-uskunalari (31,6%), sanoat tovarlari (19,3%) hamda kimyoviy vositalar va shunga oʻxshash mahsulotlar (13,9%) hisobiga toʻgʻri keldi.
Tovarlar importi dinamikasi tahliliga koʻra, 2022- yilning yanvar-oktabr oylarida import qilingan tovarlar hajmi, oʻtgan yilning mos davriga nisbatan 3.587,5 mln. AQSH dollariga koʻpaydi va 22.506,0 mln. AQSH dollarini tashkil etdi. Xizmatlar importi esa 2.109,6 mln. AQSH dollariga yetdi.
2021- yilning yanvar-oktabr oylari yakuni bilan xizmatlar importi hajmi 2.109,6 mln. AQSH dollarini yoki jami import hajmining 8,6 foizini tashkil etdi va oʻtgan yilga nisbatan 51,4 foizga koʻpaydi. Xizmatlar importi tarkibining asosiy ulushi boshqa safarlar (turizm xizmatlari) (56,2%), transport xizmatlari (15,2%), telekommunikatsiya, kompyuter va axborot xizmatlari (9,5%) va boshqa tadbirkorlik bilan bogʻliq xizmatlar (6,6%)ga tegishli boʻldi.
Shuningdek, boshqa xizmatlar ulushi jami xizmatlar importining 12,5 foizni tashkil etib, uning tarkibida yuqori ulushlarni intellektual mulkdan foydalanganlik uchun yig‘imlar (4,3%), qurilish xizmatlari (3,3%), texnik xizmat koʻrsatish va ta’mirlash boʻyicha xizmatlar (2,3%) va boshqalar tashkil etdi.
2022- yil yanvar-oktabr oylarida import tarkibida mashinalar va transport-asbob uskunalari hajmi 7.773,8 million AQSH dollarini tashkil etib, oʻtgan yilning shu davriga nisbatan 15,4 foizga koʻpaydi va importning umumiy hajmidagi ulushi 31,6 foizga yetdi.
2022- yil yanvar-oktabr oylarida mashina va transport asbob-uskunalari oʻtgan yilning shu davriga nisbatan 1.036,3 mln. AQSH dollariga oshdi. Ushbu tovarlarni Oʻzbekiston Respublikasiga yetkazib berishning asosiy qismi XXR — 2.978,1 mln. AQSH dollari (38,3%) va Koreya Respublikasi — 1.304,3 mln. AQSH dollari (16,8%), Turkiya 606,9 mln. AQSH dollari (7,8%) kabi davlatlarga toʻgʻri keladi.
2022- yil yanvar-oktabr oylarida import tarkibida sanoat tovarlari hajmi 4.749,8 million AQSH dollarini tashkil etib, oʻtgan yilning shu davriga nisbatan 27,2 foizga koʻpaydi va importning umumiy hajmidagi ulushi 19,3 foizga yetdi.
Sanoat tovarlari importi asosan choʻyan yoki legirlanmagan poʻlat (2.072,3 mln. AQSH dollari), metallardan tayyorlangan buyumlar (607,3 mln. AQSH dollari), toʻqimachilik yigirilgan ipi, matolar, tayyor buyumlar va shunga oʻxshash mahsulotlar (449,9 mln. AQSH dollari), qog‘oz va karton (375,4 mln. AQSH dollari) va boshqalardan tashkil topgan.