12 May, 2022

Toshkent shahrida “Koinot texnologiyalari konferensiyasi STC-2022” birinchi xalqaro konferensiyasi bo‘lib o‘tdi

2022-yilning 10-11-may kunlari Toshkent shahrida Markaziy Yevroosiyo mintaqasida “Kosmik texnologiyalar konferensiyasi STC – 2022” birinchi xalqaro konferensiyasi bo‘lib o‘tdi.

“Kosmik texnologiyalar va ularning ijtimoiy-iqtisodiy taraqqiyotdagi o‘rni” mavzusiga bag‘ishlangan anjuman milliy kosmik agentliklar va xalqaro kosmik hamjamiyatni, xususan, 20 ta davlat 110 ta kompaniya va tashkilotdan 200 dan ortiq ishtirokchini, shuningdek Oʻzbekiston Respublikasining 30 ga yaqin vazirlik va idoralarini birlashtirmoqda.

Tadbir davlat va xususiy sektor manfaatlari yo‘lida texnologiyalarni qo‘llash bo‘yicha tajriba almashish, kosmik sohadagi so‘nggi tendensiyalarni muhokama qilish uchun samarali maydonga aylandi.

Konferentsiya doirasida texnologiya sohasidagi eng dolzarb mavzular bo’yicha oltita sessiya bo’lib o’tdi.

STC-2022 kosmik texnologiyalari konferensiyasi doirasida O‘zbekiston Respublikasi axborot texnologiyalari va kommunikatsiyalarini rivojlantirish vaziri Sherzod Shermatov SpaceX kompaniyasi vakili Ben Mak Uilyams bilan uchrashuv o‘tkazdi.

Uchrashuvda qayd etilganidek, SpaceX hozirda dunyoning ko‘plab mamlakatlarida bir qator yirik loyihalarni amalga oshirmoqda. Kompaniya vakili O‘zbekistonda ham shunday loyihalarni amalga oshirishga tayyorligini bildirdi.

Shu bilan birga, AKT vazirligi hamkorlikni kengaytirish maqsadida kompaniya vakiliga O‘zbekistonda vakolatxona ochish taklifi bilan chiqdi.

Shuningdek, “O‘zbekkosmos” agentligi va AQShning SpaceX kompaniyasi o‘rtasida uchrashuv bo‘lib o‘tdi.

“O‘zbekkosmos” agentligi bosh direktori Shuhrat Qodirov va SpaceX kompaniyasi vakili Ben MakVilyams ishtirok etgan uchrashuvda ikki tomonlama hamkorlik masalalari ko‘rib chiqildi.

Xususan, tomonlar SpaceX kompaniyasi tomonidan yuqori tezlikdagi keng polosali sunʼiy yoʻldosh Internet tarmogʻiga ulanishni taʼminlash uchun joriy etilayotgan Starlink loyihasini Oʻzbekiston bozoriga olib chiqish masalasini muhokama qildi.

Muzokaralar yakunlari bo‘yicha tomonlar o‘zaro manfaatli munosabatlar va hamkorlikni rivojlantirishga tayyor ekanliklarini qayd etdilar.

Bizga yozing

Iltimos, ariza shaklini to’ldiring va biz tez orada siz bilan bog’lanamiz.