Nisbatan qatʼiy pul-kredit sharoitlari inflyatsion bosimlar hamda inflyatsion kutilmalarning bosqichma-bosqich pasayishiga xizmat qilmoqda. Shu bilan birga, iqtisodiyotda barqaror yalpi isteʼmol talabi, taklif omillari hamda xizmatlar sohasidagi yuqori narx dinamikasi hisobiga maʼlum darajada inflyatsion xatarlar saqlanib qolmoqda. Ushbu qaror oʻrta muddatli istiqbolda inflyatsiyaning barqaror pasayish trayektoriyasiga erishishga qaratilgan.
Noyabr oyida inflyatsiyaning pasayish dinamikasi davom etib, yillik 7,5 foizga teng boʻldi. Bunga, nisbatan qatʼiy pul-kredit sharoitlari va almashuv kursining mustahkamlanishi taʼsirida bazaviy inflyatsiyaning sekinlashishi asosiy hissa qoʻshdi. Xususan, noyabr oyida bazaviy inflyatsiya yillik hisobda 6,3 foizgacha pasaydi. Shuningdek, import narxlari nooziq-ovqat tovarlari inflyatsiyasining barqarorlashuviga xizmat qildi.
Shu bilan birga, xizmatlar sohasidagi inflyatsiya maʼlum darajada sekinlashganiga qaramasdan, talab omillari hisobiga umumiy inflyatsiya darajasidan yuqoriligicha qolmoqda.
Noyabr oyida aholi va tadbirkorlarning inflyatsion kutilmalari pasayishda davom etdi.
Yuqoridagi omillarni hisobga olib, 2025-yil yakuniga umumiy inflyatsiya 7,3 foiz atrofida boʻlishi kutilmoqda. Bunda, milliy valyutaning mustahkamlanishi avvalgi baholashlarga nisbatan yuqoriroq darajada shakllangani hisobiga import inflyatsiyasi va inflyatsion kutilmalarga pasaytiruvchi taʼsiri kutilganidan kuchliroq boʻlgani inflyatsiya prognozining pasayish tomonga qayta koʻrib chiqilishini taqozo etdi.
Yangilangan prognozlarga koʻra 2026-yil yakunlari boʻyicha inflyatsiya darajasi 6,5 foiz atrofida boʻlishi kutilmoqda.
Iqtisodiy faollik yuqori darajada saqlanib, oʻsish surʼatlari oʻzining potensialidan balandroq shakllanmoqda. Mehnat bozoridagi talabning ortishi, savdo va pullik xizmatlar tushumlari va banklararo tranzaksiyalarning hajmi oʻsishi ushbu tendensiyani namoyon etmoqda. Joriy iqtisodiy va investitsion faollik fonida yil yakuni boʻyicha iqtisodiy oʻsish surʼatlari 7–7,5 foiz atrofida shakllanishi kutilmoqda.
Joriy inflyatsiyaning pasayuvchi dinamikasi bilan bir qatorda kelgusida taklif omillari boʻyicha xatarlar saqlanib qolmoqda. Xususan, ayrim asosiy oziq-ovqat tovarlari taklifi bilan bogʻliq xatarlar, soʻnggi oylardagi transport xizmatlari narxlarining oshishi hamda tartibga solinadigan narxlarning indeksatsiyasi bilan bogʻliq ikkilamchi taʼsirlar shular jumlasidandir.
Global moliyaviy sharoitlarning bosqichma-bosqich yumshashi hamda fiskal ragʻbatlantirishlar fonida jahon iqtisodiyoti kutilganidan yuqori surʼatlarda oʻsmoqda. Shu bilan birga, xalqaro xomashyo bozorlaridagi yuqori narx konyunkturasi saqlanib qolmoqda. Bu esa kelgusida ham mamlakatimiz eksport tushumlarini qoʻllab-quvvatlab boradi.
Qulay tashqi sharoitlar fonida real samarali almashuv kursi oʻzining uzoq muddatli muvozanatli trendiga yaqin darajada shakllanishiga xizmat qiladi.
Ichki moliya bozoridagi nominal foiz stavkalar nisbatan barqaror shakllanishi fonida inflyatsiya va inflyatsion kutilmalar pasayishi real foiz stavkalarining yuqori darajada shakllanishiga xizmat qilib, milliy valyutada jamgʻarishni ragʻbatlantirmoqda. Bu muddatli depozitlar hajmining yuqori oʻsish surʼatlarida namoyon boʻlmoqda.
Shu bilan birga, moliyaviy inklyuzivlikning oshishi hisobiga chakana kreditlash surʼatlarining yuqori darajada saqlanib qolishi isteʼmol faolligi yuqoriligini aks ettirib, yalpi talabni qoʻllab-quvvatlashi orqali kelgusida inflyatsiyaga oshiruvchi bosimni kuchaytirishi mumkin.
Ushbu sharoitda inflyatsiyaning pasayuvchi dinamikasini barqaror davom ettirish va inflyatsion xatarlar taʼsirini kamaytirish maqsadida asosiy stavkani joriy yillik 14 foiz darajasida oʻzgarishsiz saqlab qolish zarur deb topildi.
Markaziy bank inflyatsiyaning 5 foizlik targetigacha pasayishiga erishish maqsadida pul-kredit sharoitlarini yetarlicha qatʼiyligini taʼminlab boradi. Bunda inflyatsiya dinamikasi va inflyatsion xatarlar balansiga qarab pul-kredit sharoitlari qayta koʻrib chiqilishi mumkin.
Markaziy bank boshqaruvining asosiy stavkani koʻrib chiqish boʻyicha navbatdagi yigʻilishi 2026-yil 28-yanvar kuniga belgilangan.
Manba: O‘zbekiston Respublikasi Markaziy bankining 2025 yil 11 dekabrdagi Press-relizi